AQSh Adliya vazirligi General Motors avtokorporasiyasiga uning xodimlari tomonidan avtomobillardagi o't oldirish tizimidagi nosozliklar haqidagi ma'lumotni yashirganlari bilan bog'liq tovlamachilik bo'yicha ayblov qo'yishni rejalashtirmoqda . Bu nosozlik tufayli 100 ga yaqin odam halok bo'lgan, deb o'z manbalariga iqtibos keltirgan holda The Wall Street Journal nashri xabar bermoqda.
Manbalar bergan ma'lumotlarga ko'ra, Nyu-York prokuraturasi “GM chalg'ituvchi bayonot bergan va nosozlik haqidagi ma'lumotni yashirgan degan xulosaga kelib, bu ayblovlarga e'tiborni qaratdi”.
AQSh Adliya vazirligi kompaniya vakillari bilan yoz oxiri yoki kuz boshiga kelishuvga erishishni mo'ljallamoqda. Gazetaning ma'lumotlariga ko'ra, prokuratura avtogigantga boshqa jinoyatlar bo'yicha ham ayblovlar qo'yishi ehtimolini istisno etmayapti, biroq buning tafsilotlari oshkor etilmayapti.
May oyida AQSh hukumati GM kompaniyasining o'z avtomobillaridagi o't oldirish tizimidagi nosozliklar haqidagi ma'lumotlarni yashirganini fosh qildi. Xabar berilganidek, kompaniyaga rekord darajadagi jarima solinishi mumkin, uning miqdori 1,2 mlrd dollardan ancha ko'proqni tashkil qilishi mumkin.