Google korporatsiyasi AQSh bozoriga smartfonlar orqali internetga ulanishga mo'ljallangan Project Fi nomli yangi servisni olib kirdi. Yangi texnologiya foydalanuvchilarning eng tezkor Wi-Fi yoki LTE tarmog'iga ulanishini ta'minlaydi.
Hozircha xizmat faqat Google tomonidan ishlab chiqariladigan Nexus 6 smartfonlari foydalanuvchilari uchun amal qilmoqda. Korporatsiya xizmatni keng miqyosda joriy qilish uchun T-Mobile va Sprint operatorlari bilan hamkorlik qilmoqda.
NTV kanalida ma'lum qilinishicha, asosiy xizmatlar paketi (cheklanmagan miqdordagi qo'ng'iroqlar va yozma xabarlar) narxi oyiga 20 dollarni tashkil qiladi. Shuningdek, AQSh va yana 120 mamlakat hududida 1 Gb trafik 10 dollar turadi.
Project Fi texnologiyasining asosiy o'ziga xosligi shundaki, u orqali foydalanuvchi turli tarmoqlarda qidiruv o'tkazib, eng sifatli tarmoqqa ulanishi mumkin, narxlar esa yagona tarif bo'yicha hisoblanadi. Ushbu texnologiyaning ishga tushirilganligi e'lon qilinganidan so'ng korporatsiya aktsiyalarining narxi 1.2 foizga oshgan.