Fintlar, driblinglar, chiroyli aldab o`tishlar, takrorlanmas gollarga boy futbol sport turida ba`zida qing`irliklar ham uchrab turadi. InterFUTBOL gazetasi navbatdagi sonida ana shular haqida hikoya qildi.
Braziliya futbolidagi eng yirik futbol mojarosi 2005 yilda kuzatilgan. O`shanda mamlakat chempionatida faoliyat yurituvchi ikki hakam - Edilson Pereyra di Karvalo va Paulu Joze Danelonlar tergov uchun polisiya mahkamasiga olib kelinadi. Ularga qarshi to`plangan dalillar shu qadar asosli ediki, ikkala hakam ham chor-nochor mamlakat oliy divizionidagi bir qator o`yinlar natijasiga ta`sir ko`rsatish uchun katta miqdorda pora olishganiga iqror bo`lishadi.
Ma`lum bo`lishicha, bu «olg`ir» hakamlarni totalizatordan pul ishlashni maqsad qilgan mahalliy bir «tadbirkor» yollagan ekan. Buning natijasida shubha ostida qolgan bir necha o`yinlar hisobi yo`qqa chiqarildi.