Fransiya g‘arbiy Yevropadagi eng yirik davlat bo‘lib, Normandiyaning sovuq, qoyali qirg‘oqlaridan to O‘rta er dengizining iqlimi iliq moviy qirg‘oqlarigacha cho‘zilgan. Poytaxti — Parij dunyodagi eng chiroyli shaharlardan biri. Bundan 2000 yillar ilgari Sena daryosi oralig‘ida vujudga kelgan shaharda qadimiy binolar nihoyatda ko‘p. Masalan, bir paytlar qirol saroyi bo‘lgan Luvr muzeyi dunyodagi eng yirik va ko‘hna majmua hisoblanadi.
Dunyoga dong‘i ketgan san’at muzeyi bugungi kunda ham Parij shahri markazi, Sena daryosining o‘ng qirg‘og‘i, Rivoli ko‘chasida joylashgan. Majmua hududi Ludovik XIVning otliq haykali turgan joydan boshlanadi. Maydoni bo‘yicha jahonda uchinchi o‘rinda turadigan muzey 160 ming kvadrat metr maydonni egallagan. Muzey ziyoratchilar soni bo‘yicha ham jahonda etakchilik qiladi. Luvrga har yili 8,5 million ziyoratchi keladi.
Qadimgissivilizatsiyalarga oid bebaho san’at durdonalarini o‘zida jamlagan muzey xazinasida uch yuz mingdan ortiq eksponat mavjud. Ulardan faqatgina o‘ttiz besh mingtasigina ko‘rgazma zallarida namoyish etiladi. Ayrim eksponatlarga zarar etmasligi uchun har yili ma’lum bir muddatga ekspozitsiyalarga qo‘yiladi. Keng ommaga muzey eshiklari ilk marotaba 1793-yil ochilgan. Eng so‘nggi texnika bilan jihozlangan muzey binosiga hozirda 1989-yili me’mor Yo Ming Pey loyihasiga ko‘ra qurilgan oynavand piramida orqali kiriladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Luvr saroyi asrlar davomida qurilgan. Dastavval, saroy 1190-yili qirol Filipp Avgust qal’asi sifatida barpo etilgan. Keyinchalik shu yerdan turib, fransuzlar Sena daryosi bo‘ylab o‘tayotgan vikinglar kemasini kuzatishadi. 1317-yilga kelib, qirol Karl V uni qarorgoh qilib oladi. Qirol Fransisk I davrida qal’a butunlay buzib tashlanadi. 1546-yildan boshlab Pier Lesko, Genrix II va Karl IX davrlarida bino o‘rnida yangi minora va muhtasham saroy qad rostlaydi. 1594-yili Genrix IV Ekaterina Medichi buyrug‘i bilan bunyod etilgan Tuilri qasrini birlashtirishga ahd qiladi. Saroyning to‘rtburchak shakldagi hovlisini bezatishda me’morlar Lemerse va Lui Levolar mahorat ko‘rsatishdi. Ludovik XIII va Ludovik XIV hukmronligi paytida majmua to‘rt barobarga kattalashtirildi. Uni bezashga Pussen, Romanelli va Lebren singari mashhur rassomlar mas’ul bo‘lishdi. 1667–1670-yillari me’mor Klod Perro loyihasiga asosan saroy hovlisiga ustunlar o‘rnatildi. 1682-yili qirol Versal nomli qasrga ko‘chib o‘tgach, “Luvr”ni muzey shakliga keltirish fikri tug‘iladi. Napoleon I davriga kelib, Persye va Fonten tomonidan Rivoli ko‘chasi shimolida boshlangan qurilish ishlari natijasida muzey hududi yanada kengayadi.
Luvr ekspozitsiyalaridagi deyarli har bir asar qimmatbaho hisoblanadi. Muzeyda ilk o‘rta asrdan XIX asrga qadar ishlangan haykaltaroshlik va tasvriy san’at asarlari mavjud. Ayniqsa, qadimgi Sharq, Misr, Gretsiya va boshqa madaniyatlarga tegishli haykallar, buyumlar, tasviriy san’at va grafika asarlarining bahosi yo‘q. Sharq to‘plamidagi asarlar uchga – Movarounnahr; Eron va Suriya; Falastin, Kipr va boshqa O‘rtaer dengizi mamlakatlaridan keltirilgan san’at asarlari ekspozitsiyalariga ajratilgan. Masalan, Luvrning qadimgi Misr bo‘limida qimmatbaho taqinchoq yoki badiiy buyumlardan tashqari, daxma va papiruslarni uchratish mumkin. Qolaversa, muzeydagi antik davr kolleksiyalari orasida grek hamda qadimgi Italiya yodgorliklari ham bor. Amaliy san’at bo‘limida esa turli davrlarda inson qo‘li bilan yasalgan buyumlar (mebel, zargarlik mahsulotlari va hokazo) o‘rin olgan. Qimmatbaho toshlar bilan bezak berilgan qirol toji, qilich, davlat va qirollik hayotini aks ettiruvchi ashyolar muzeyga tashrif buyuruvchilar qiziqishini yanada orttirishi tabiiy.
Bugungi zamonaviy Luvr mutassil ravishda yangilanib turadi. “Luvr do‘stlari jamiyati” a’zolari, xayriya tashkilot va fondlar, qolaversa, xayrixohlar tomonidan muzey uchun eksponatlar to‘plash ham yo‘lga qo‘yilgan. Ana shunday eksponatlar sirasiga Luvrga yaqindagina taqdim etilgan arxeologik topilmalar kiradi. Ular orasida qirol Karl VI tegishli dubulg‘a bo‘lib, mutaxassislar uni mayda parchalardan qayta tiklashga muvaffaq bo‘lishdi. Sanayversak, Luvr bag‘ridagi xazinalarning adog‘iga etib bo‘lmaydi. Aytishadi-ku, ming marta eshitgandan ko‘ra bir bora ko‘rgan afzal, deb. Mabodo, yo‘lingiz Parijga tushib qolsa, albatta, Luvrga kirib o‘ting. Shuningdek, Luvrni quyida berilgan ssilka orqali virtual tomosha qilishinigz mumkin: http://www.louvre.fr/en/visites-en-ligne