Oslo shahri sudi Norvegiyaning internet-provayderlariga ettita eng ommaviy fayl almashish uchun mo'ljallangan saytlarga kirishni to'sib qo'yish majburiyatini qo'ydi, deb xabar bermoqda Torrent Freak.
Norvegiya va AQSh kinostudiyalari va ovoz yozish kompaniyalari sudga ushbu holat yuzasidan shikoyat arizasi topshirishdi va ularning iltimosi qondirildi.
Bu Norvegiyada internetdagi qandaydir ma'lumot qonunchilik bilan cheklanayotgan birinchi holdir.
Provayder kompaniyalar vakillari bu qaror bo'yicha hech qanday e'tirozlari yo'qligini aytdilar. Taqiqlov Pirate Bay, Extra Torrent, Viooz va Movie4k kabi portallariga qo'llanmoqda.
Norvegiya Liberal partiyasi rahbari Trine Skey Grande bunday qarorlar mamlakat qonunchiligiga xavf tug'dirishini ta'kidlab o'tdi. Uning fikricha, bundan choralar oxir-oqibat fuqarolar erkinligi va huquqlarining cheklanishiga olib kelishi mumkin.
Sud barcha etti qaroqchi sayt egalariga Norvegiya huquq egalari uyushmasiga 1,7 mln kron miqdorida sud bilan bog'liq xarajatlarni qoplash majburiyatini qo'ydi. Bu uyushmaga norveg studiyalaridan tashqari AQShning Disney, Warner Bros. va Universal kinostudiyalari ham kiradi.