28 mart kuni Toshkent shahri hududidagi yo'llar ta'minoti mavzusiga oid matbuot anjumani o'tkazildi.
Avtomobil yo'llari, ko'priklar qurish, tramvay yo'llarini demontaj qilishga bag'ishlangan bu anjumanda shahardagi yo'llarda amalga oshiriladigan o'zgarishlar borasida batafsil ma'lumot berildi.
Ma'lum qilinishicha, "Nurafshon" ko'chasining Beruniy ko'chasidan Sharof Rashidov ko'chasigacha qismidan foydalangan holda aylanma yo'l yuzaga kelishi natijasida markaziy ko'chalarda oqimning yengillashuviga erishish ko'zda tutilgan. Shu maqsadda, "Nurafshon" va Beruniy ko'chalari chorrahasidan Oqtepa maydonigacha 3,8 kilometrlik yo'l qurish ishlari boshlanadi.
Shuningdek, Nukus ko'chasining Bobur ko'chasidan sobiq to'qimachilik kombinati orqali Shota Rustaveli ko'chasiga qadar bo'lgan 1 kilometrlik yangi bo'lagi ham qurilishi ma'lum qilingan.
"Nukus ko'chasi Shota Rustaveli ko'chasidan Bobur ko'chasigacha 1 kilometrga uzaytiriladi. Beruniy ko'chasidan Sharof Rashidov ko'chasigacha, "Nurafshon" ko'chasining Beruniy ko'chasidan Oqtepa maydonigacha uzaytirilishi, Muqumiy, Nukus, Qodiriy, Sharof Rashidov-Nurafshon ko'chalari davom ettirilishi orqali Toshkent shahrida yangi transport halqa yo'li vujudga keladi", deyiladi anjuman press-relizida, deb yozadi "Kun".
Shaharning markaziy ko'chalarida tirbandlikning oldini olish maqsadida "Taraqqiyot" ko'chasi ham uzaytiriladi, Parkent ko'chasidagi katta harakat oqimidan kelib chiqib, "Oltintepa" ko'chasidan "Katta halqa yo'li"gacha rekonstruktsiya qilinadi.
O'zbekiston poytaxtidagi tramvay yo'llarini demontaj qilish ishlari davom ettiriladi jami 87,8 kilometr rels, xususan, Muqimiy, Samarqand darvoza, Mehrjon-Sayxun, Aliev, Temiryo'lchilar, Kichik halqa yo'li, Beltepa, Shifokorlar, Toshkent avtomobil halqa yo'li, Farhod-To'qimachi, Mannon Uyg'ur-Beshqayrag'och, Lutfiy, Katta Xirmontepa, Qamarniso, Forobiy, Ohangaron yo'li, Qorasuv, Farg'ona yo'li, Yangi Qo'yliq, Qushbegi va Bunyodkor ko'chalaridagi tramvay yo'llari olib tashlanadi.