Jorj Sorosning boyligi 2013 yil yakunlariga ko'ra 5,5 milliard dollarga ko'paydi. Bunga Sorosga tegishli bo'lgan Quantum Endowment investitsion fondining muvaffaqiyatli faoliyati sabab bo'ldi. Bu haqda, LCH Investments’ning tadqiqotlariga asoslanib, The Financial Times xabar bermoqda. Shunday qilib, investor 2013 yil davomida har kuni 15 million dollardan ko'proq pul topgan.
O'tgan yili nazoratida 28,6 milliard dollar mablag'i bo'lgan Quantum Endowment serdaromadligi bo'yicha jahon investfondlari orasida birinchi o'rinni egalladi. O'tgan yilgi natijasi Quantum uchun 2009 yildan beri eng yaxshisi bo'ldi. Umuman, fondga 1972 yilda asos solingan bo'lib, o'tgan davr mobaynida u o'z egasiga 39,6 milliard dollar keltirgan.
So'nggi bir necha yildan beri Quantum etakchilik uchun Rey Dalio (Ray Dalio)ga boshqaruvidagi Bridgewater Pure Alpha xedj-fondi bilan musobaqalashib kelayotgan edi. 2011 yili Bridewater bir yilda 13,8 milliard dollar ishlab topib, Sorosning jamg'armasidan o'tib ketgan edi. 2013 yil yakunlariga ko'ra esa, Rey Dalioning fondi Quantum’dan keyingi ikkinchi bo'ldi.
2013 yilning sentyabrida Forbes jurnali Jorj Sorosning boyligini 20 milliard dollarga baholagan edi.
Manba: Biznestrener.uz