O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 4-martidagi 68-raqamli qarori bilan 2016—2019-yillarda Toshkent shahri, viloyat markazlari va shaharlari ko‘chalarini yoritish tizimlarini yorug‘lik diodli texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. Bu haqda “Norma.uz” xabar bermoqda.
Dastur ijrosi bo‘yicha ishlarning buyurtmachilari sifatida Nukus shahri, viloyat markazlari va shaharlarini obodonlashtirish boshqarmalari (ko‘chalarning bir qismida) va “O‘zavtoyo‘l” AK (umumiy foydalanish avtoyo‘llarining bir qismida) ko‘rsatildi.
Tashqi yoritish tizimlarini yetkazish va o‘rnatish bo‘yicha eng yaxshi takliflar mahalliy ishlab chiqaruvchilar orasidan tender savdolarisiz saralab olinadi.
Hujjatda, shuningdek, takliflarni saralab oladigan va g‘olibni aniqlaydigan komissiya tarkibi tasdiqlandi.
G‘olib aniqlanganidan keyin tashqi yoritish obyektlari inventarizatsiyasi o‘tkazilib, uning natijalariga ko‘ra Toshkent shahri, viloyat markazlari va shaharlari yoritish tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihaviy-smetaviy hujjatlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Shundan so‘ng tashqi yoritish tarmoqlarini ekspluatatsiya uchun texnik nuqtai nazardan yaroqli holatga keltirish bo‘yicha tadbirlar realizatsiya qilinadi.
Dastur Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar budjetlari, Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Manba