Xonanda Rayhon Ben laqabli kuchugi yo`qolib qolganini aytib, uni topishda muxlislaridan yordam so`ragani haqida xabar tarqalgan edi.
Bugun xonanda “Instagram” ijtimoiy tarmog`idagi sahifasida kuchugi topilganini yozib qoldirdi, deb yozadi "Darakchi" nashri.
“Bizda yaxshi yangilik bor. Ben mehribon va insofli insonlar tufayli topildi. Ma`lum bo`lishicha, Benni mashina urib yuborgan ekan. Shu ko`chadan o`tayotgan bir qiz uni klinikaga olib boribdi va birinchi yordamni ko`rsatibdi. So`ng o`z dachasiga olib ketibdi. Men hozirgi kunda toshbag`ir va hamma narsaga loqayd insonlar orasida bunday ochiqko`ngil insonlar borligini bilmas edim. U qizni shaxsan o`zini ko`rmagan bo`lsam-da, undan Benni urib ketgan “Kobalt” haydovchisiga o`xshab, befarq o`tib ketmagani uchun cheksiz minnatdorman. Hayotda hamma narsa qaytadi, yaxshilik ham, yomonlik ham. Unga chin dildan sog`lik-salomatlik va baxt tilayman! Benni topilishida yordamini ayamagan, butun shahar bo`ylab e`lonlarni tarqatgan insonlarga katta rahmat! Ko`pchilik uni izlayotganimdan hayron bo`ldi. Bozorga borib boshqa it sotib olishni taklif qilganlar ham bo`ldi. Ammo u biz uchun oilamizning sevimli a`zosi, onamdan qolgan xotira. Bensiz uyimizni tasavvur qilolmayman. Barchaga yana bir bor rahmat!”, — deb yozdi Rayhon.