Toshkent shahar hokimiyatida o'tkazilgan brifingda Toshbozorsavdo uyushmasi mutasaddilari poytaxt bozorlarida joriy yilda olib boriladigan qurilish, rekonstruktsiya va ta'mirlash ishlari haqida ma'lumot berdi, deb yozadi "KUN"
Aniqlanishicha, hozirda uyushma tizimida 14 ta OAJ hamda 7 ta MChJ faoliyat olib boradi va ular ixtisoslashuvi bo'yicha 12 ta dehqon bozori, 1 ta qishloq xo'jaligi mahsulotlari ulgurji bozori, 2 ta ixtisoslashgan bozor hamda 6 ta savdo kompleksidir.
So'ngi 7 yilda bozor faoliyatini rivojlantirish, moddiy texnik bazasini mustahkamlash, sotuvchi va xaridorlar uchun yaxshi sharoitlar yaratish maqsadida 63,6 milliard so'mlik qurilish, qayta qurish va kapital ta'mirlash ishlari amalga oshirilgan.
Masalan, Toshkent qishloq xo'jalik mahsulotlari ulgurji bozori, Aviasozlar, Navro'z, Sergeli hamda Yunusobod bozorlarida qurilish-ta'mirlash ishlari olib borildi.
“Mazkur ishlarning davomi o'laroq, joriy yilda shahar markazida joylashgan Oloy dehqon bozori hamda Mirobod dehqon bozorida ham bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi,- deydi Toshbozorsavdo uyushmasi boshqarma raisi Sohibjon Ne'matullaev. Mutaxassislar mazkur bozorlarni o'rganib, pavilonlar ta'mirga muhtoj ekanini aniqlashdi. Bu bo'yicha maxsus loyihalar tayyorlandi. Mazkur qurilish-ta'mirlash ishlariga 15 milliard so'm mablag' ajratiladi. Nasib etsa, milliy qadriyatlar va an'analar uyg'unlashgan sharqona savdo majmualarimizni O'zbekiston Respublikasi mustaqilliging 25 yillik bayramiga topshirishni rejalashtirilayapmiz.
Ma'lumotlarga ko'ra, Oloy bozori ixcham, ko'rkam, qulay va yangi savdo rastalarga ega kompleks ko'rinishini oladi. Mirobod dehqon bozorining esa tom va fasad qismi ta'mirlanib, atrofi zamonaviy holatga keltiriladi.
“Ta'mirlash paytida savdo faoliyati to'xtamaydimi”, deya berilgan savolga, mutaxassis Yo'q. Chunki bu bozorlarga ko'nikkanlar ko'p. Ta'mirlash maxsus reja asosida o'tadi. Faqat qurilishi rejalashtirilgan joylar, o'rab olinadi. Savdolar faoliyati davom etadi”, deya javob qaytardi.