Saudiya Arabistoni hukumati chet ellik ayollarni nikohga olish masalasida bir qator cheklovlar joriy etdi, bu haqida mahalliy “Makka” gazetasi bergan xabariga asoslanib "Kun" xabar berdi.
Saudiyalik erkaklar endi Chad, Pokiston, Myanma va Bangladesh fuqarosi bo'lgan ayollarga uylana olmaydi. Politsiya ma'lumotlariga ko'ra, hozirgi vaqtda ushbu mamlakatlardan kelgan ayollar soni Saudiyada yarim millionga yetgan va o'sishda davom etmoqda.
Bundan tashqari, chet ellik ayollarni nikohiga olayotganlarga nisbatan talablar qat'iylashtirilgan: kelinning yoshi 25 yoshdan kam bo'lmasligi, agar kuyovning saudiyalik birinchi xotini bo'lsa, u holda takroriy nikoh uchun jiddiy sabablar ko'rsatilishi kerak.
Masalan, erkakning saudiyalik birinchi xotini davolab bo'lmaydigan darajada saraton bilan, Parkinson xastaligi bilan kasallangan bo'lsa yoki bepusht bo'lsa, u holda unga chet ellik ayolni ikkinchi xotin sifatida nikohiga olishi mumkin. Agar saudiyalik birinchi xotin ajrashishga ariza bergan bo'lsa, erkak nikoh bekor qilinganidan faqat yarim yil o'tib uylanishi mumkin.
Mutlaq monarxiya davlati bo'lgan Saudiya Arabistonida huquq tizimi shariat qonunlariga asoslangan bo'lib, har bir saudiyalikning hayoti qat'iy qoidalarga asoslangan. Masalan, alkogol va narkotik iste'mol qilish taqiqlangan, nikohdan tashqari jinsiy aloqa bilan shug'ullanganlik uchun esa kishi hayotidan mahrum bo'lishi mumkin.