Polshada 11-fevral kuni bo‘lib o‘tgan sud jarayonida ikki million asalarining o‘limida aybdor deb topilgan ayolga to‘rt oylik shartli qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Agence France-Presse xabar bermoqda.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, Yana ismli bu ayol 2010-yili Gorlitse shahrida chivinlarga qarshi dori purkash ishlariga rahbarlik qilgan. O‘shanda u mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligining zaruriy sertifikatiga ega bo‘lmagan pestitsid ishlatgan. Natijada shaharda va shahar atrofida kishilar boqayotgan jami ikki millionga yaqin asalari nobud bo‘lgan.
Asalarilarning o‘limi sababli ularning egalari tomonidan sudga juda ko‘p murojaatlar bo‘lgan. Sud jarayonida, Gorlitse shahar asalarichilar assotsiatsiyasi boshlig‘ining ta’kidlashicha, sertifikatlanmagan pestitsidni qo‘llash nafaqat asalarilarning, balki insonlarning ham nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin edi.
Agentlikning ta’kidlashicha, 2010-yili qo‘shni Bech shahrida suv toshqini bo‘lgan, oqibatda uning atroflarida chivinlar juda ko‘payib ketgan.