Moskvaning SSKA futbol klubi Instagram’dagi rasmiy sahifasida jamoani Manchesterdagi Yevropa Chempionlar Ligasi uchrashuviga olib boradigan samolyotda telefonda gaplashib o‘tirgan hujumchi Seydu Dumbiyaning suratini e’lon qildi , deya xabar bermoqda “Hi-tech.Mail.ru”.
Suratda futbolchi, kutilganidek, iPhone smartfonidan foydalanayotganini ko‘rish mumkin. “Futbolchi smartfonining g‘ilofi esa ancha qiziqarli — unda Rossiya prezidenti Vladimir Putin tasvirlangan”, — deb yozadi nashr.
Telefon g‘ilofida Rossiya prezidenti harbiylar libosida tasvirlangan, surat ostida The Russian Army (“Rus armiyasi”) degan yozuv bor. Ba’zi internet-foydalanuvchilar ivuarlik futbolchining mazkur tanlovini olqishlab, faqat g‘ilof bilan cheklanmasdan, tezroq Rossiya fuqaroligini ham qabul qilishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, 27 yoshli Seydu Dumbiya 2010—2014-yillar davomida Moskvaning SSKA jamoasida to‘p surgan. 2015-yilning birinchi yarmini Rimning “Roma” klubida o‘tkazgan futbolchi yozda ijara asosida SSKAga qaytdi. Dumbiya futbol bo‘yicha Kot-d’Ivuar terma jamoasida 30 dan ortiq uchrashuvda maydonga tushgan.