Saudiya Arabistonining favqulodda jinoiy ishlar bo‘yicha sudi 32 kishini Eron foydasiga ayg‘oqchilik qilishda aybdor deb topdi. Bu haqda Al-Arabiya telekanaliga tayanib “Interfaks” agentligi xabar bermoqda.

Sudlanganlar orasida al-Qatif shahri vakillari, shuningdek, bir nafardan Eron va Afg‘oniston fuqarosi bor.
Sud hukmiga ko‘ra, ko‘rsatilgan guruh Eron maxfiy xizmatlari ko‘magida ayg‘oqchilik tarmog‘ini yaratib, diniy nizolar keltirib chiqarish hamda boshqa davlat foydasiga ma’lumot to‘plash bilan shug‘ullanib kelgan.
Al-Qatif shahri aholisining asosiy qismi shia e’tiqodidadir. Saudiya Arabistonining mashhur shia ilohiyotchisi Nimr an-Nimr qatl qilinganidan so‘ng u yerda ommaviy norozilik namoyishlari uyushtirilgan edi. O‘z navbatida, bu voqealar Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasidagi munosabatlarga sovuqlik tushishida birlamchi omil bo‘lgan edi.