Uzoq masofaga safarga chiqqanlar yaxshi bilishadi. Yo’llarning chetida yodgorlik toshlari ko’p uchraydi. Birovning eti junjikib, yuziga fotiha tortadi boshqalar beparvo. Bu yodgorliklar yo’l transport hodisalari qurbonlarining xotirasi uchun o’rnatilgan bo’ladi. Ayni shu yodgorliklar haydovchilarni ham, yo’lovchilarni ham nogohoniy xavfdan ogohlantirib turadi.
Yo’l transport hodisasi deganda transport vositasi ishtirokida sodir etilgan, buning oqibatida insonlarning vafot etishi yoki jarohat olishi, avtomobillarga zarar yetishi tushuniladi.
Jahonda ilk avtomobil 1886 yilda yaratilgan. O’shanda avtomobillar unchalik ko’p bo’lmagan. Shuningdek, ular hozirgiday tezlikda harakatlanmagan. Bugungi kunda Lyuksemburg, Italiya, Germaniya, Avstriya va AQSHda har ming aholiga 500 ta yengil avtomobil to’g’ri keladi.
Birinchi yo’l transport hodisasi 1896 yilning 30 mayida Nyu-Yorkda qayd etilgan. O’shanda Genri Uells ismli fuqaroning elektromobili velosipedda ketayotgan Evelina Tomas degan ayolni turtib ketgan. 1899 yilda yuz bergan yo’l transport hodisasida birinchi marta inson vafot etdi. O’shanda “Britaniya-Fransiya avtomobil kompaniyasi”ning xodimi Artur Edsell ismli haydovchi mashinasini namoyish qilayotgan bir vaqtda tezlikni oshirgani bois halokatga uchradi. Mashinada bo’lgan ikki farzandning onasi, 44 yoshli Bridjit Driskoll voqyea sodir bo’lgan joyda vafot etdi. O’shanda sud tomonidan mazkur fojea baxtsiz hodisa sifatida tan olingan va jinoiy ish ochilmagan. Ana shundan buyon yo’l transport hodisalari va qurbonlar soni ortib bormoqda. Shu sababli ham avtomobil jahondagi eng xavfli vosita sifatida tan olingan. Yo’l transport hodisalari dunyoning barcha nuqtalarida insonlar hayotiga taxdid soluvchi xavflardan biri sanaladi. Mutaxassislarning ma’lumotlariga qaraganda, yo’l transport hodisalari transportning qolgan barcha turlari (samolyot, kema, poyezd va hokazo) ishtirokidagi fojealar tufayli yetkaziladigan zararlardan ko’proq ziyon yetkazar ekan.
Muammo shundaki, fojealar oqibatida, asosan, aholining ishga yaroqli qismi, yoshlar vafot etadi yoki jarohat oladi. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko’ra, bir yilda sayyoramizda yuz beradigan yo’l-transport hodisalari oqibatida 1,2 millionga yaqin kishi halok bo’lib, 50 millionga yaqin kishi jarohat oladi. Tahlilchilarning fikricha, bir yilda o’rtacha, Yevropada 127 mingga yaqin kishi vafot etadi, 2,4 million kishi jarohat oladi, Rossiya yo’llarida 27 mingdan ortiq, AQSHda esa 40 mingdan ortiq kishi halok bo’ladi. Statistika ma’lumotlariga ko’ra, XX asrda AQSHda yuz bergan yo’l transport hodisalari oqibatida 3 milliondan ortiq kishi vafot etgan. Bu 1774 yildan beri harbiy mojarolarda hayotdan ko’z yumgan AQSH harbiy askarlari sonidan ancha ko’pdir.
Mutaxassislarning fikricha, yo’l transport hodisalarining 80 foizi haydovchilar aybi bilan sodir etiladi. Yo’l transport hodisalarini o’rgangan ekspertlarning ta’kidlashicha, fojealarning 5 foizini o’z joniga qasd qilganlar uyushtirar ekan.
Jahon hamjamiyati yuzaga kelgan vaziyatdan to’g’ri xulosa chiqargan holda yo’l transport hodisasi bilan bog’liq xavfni bartaraf etish borasida jiddiy chora-tadbir ko’rishga qaror qildi. Bu borada jahon mamlakatlari sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan BMT Bosh Assambleyasining uchta rezolyusiyasi qabul qilindi. Assambleya 2005 yilda xalqaro hamjamiyat va BMTga a’zo mamlakatlarga murojaat qilib, yo’l transport hodisalarining qurbonlarini yodga olish xalqaro kuni e’lon qilinishi kerak, degan taklif bilan chiqdi. Har yili noyabr oyining uchinchi yakshanbasida yo’l transport hodisalarining qurbonlari xotirasi yodga olinadi. 2010 yilda BMT Bosh Assambleyasi Yo’l harakati xavfsizligini ta’minlash O’n yilligi (2011-2020 yy.)ni e’lon qildi. Bu tadbir 2011 yilning may oyida yo’llar va transportlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida jahonning 110 dan ortiq mamlakatida boshlandi.
2009 yilga qadar hodisa yuz bergan kundan yetti kun ichida vafot etganlar yo’l transport hodisasi qurboni sifatida tan olinar edi. Shu kundan keyin vafot etganlar rasmiy statistikaga kiritilmasdi. 2009 yildan keyin vaziyat o’zgardi. Endi hodisadan keyin 30 kun ichida vafot etganlar yo’l transport hodisasi qurbonlarining ro’yxatiga olinadigan bo’ldi. Biroq Moldovada bir yil mobaynida, Slovakiyada bir kun ichida halok bo’lganlar, Portugaliya va Albaniyada hodisa joyida vafot etganlar yo’l transport hodisasi qurboni sifatida tan olinadi.
Yo’l transport hodisalari tufayli jahon iqtisodiyoti 500 milliard dollar miqdorida zarar ko’radi. Yo’l transport hodisalari jahonda har kuni ko’payib bormoqda. Agar zarur chora-tadbirlar ko’rilmaydigan bo’lsa, u holda, 2020 yilga borib o’lim va nogironlik darajasi 67 foizga ko’payishi, ya’ni bir yilda 2 millionga yaqin kishi yo’l transport hodisasi oqibatida o’lishi mumkin, degan tashvishli fikrlar aytilmoqda.
Yo’l transport hodisalari oqibatida 15-29 yoshda bo’lganlarning o’limi juda ko’p kuzatilmoqda. Halok bo’layotganlarning yarmidan ko’pini piyodalar, velosipedchilar va mototsiklchilar tashkil qiladi. Yo’l transport hodisalari qurbonlarining 77 foizi erkaklardir.
Mobil telefonida suhbatlashgan holda avtomobil boshqarayotganlar tez-tez yo’l transport hodisalarining sababchisiga aylanib borayotganlari ma’lum bo’ldi. Aynan ular telefonsiz mashina boshqarayotgan haydovchilar tomonidan sodir etiladigan hodisalardan to’rt barobar ko’p yo’l transport hodisasini sodir etishar ekan.
Yo’l transport hodisalarining katta qismi mast haydovchilar hissasiga to’g’ri keladi. Chunki mast haydovchi nafaqat mashinasi, balki o’zi ustidan nazoratni yo’qotadi. Go’yoki u o’ziga ishongandek bo’ladi, ammo mast haydovchilarning vaziyatni tahlil qilish qobiliyati susayishi turgan gap. Yo’llarda avtomobillarning bir-birini quvib o’tishga urinish holatlari ham fojealarga olib keladi. Mashinalarning har uchta to’qnashuvidan bittasi aynan quvib o’tish chog’ida yuz beradi.
Afrika mamlakatlarida yuk mashinalarida odam tashish keng qo’llaniladi. Bu o’z navbatida yo’l transport hodisasi yuz bergudek bo’lsa, ko’plab odamlarning halok bo’lishiga sabab bo’lmoqda.
Yo’l transport hodisalarining 80 foizdan ortig’i avtomobillarning nosozligi, jumladan tormoz va ruldagi nosozliklar tufayli kelib chiqishi tan olingan. Fojealar yil fasllari, haftasi va kuniga bog’liq ekani aytiladi. May oyidan oktyabr oyigacha yo’l transport hodisalari 65 foizni tashkil qiladi.
1990 yildan boshlab yo’l transport hodisalarining qurbonlari soni Janubiy Koreyada (49 foiz), Fransiyada (46foiz), Finlyandiyada (42 foiz), Avstriya, Germaniya va Ispaniyada (40 foiz)ga kamaygani ma’lum qilindi. Ko’rsatkichlarning bunday kamayishi quvonarli, albatta. Ammo nima bo’lganda ham avtomobildan saqlanganingiz ma’qul.