Migratsiya ishlari bo'yicha Britaniya sudi 92 yoshli Mirtl Kotillni mamlakatdan deportatsiya qilishga qaror qabul qildi$CUT. Bu haqda The Daily Mail nashri xabariga asoslanib "Kun" ma'lum qilgan.
U JARdan Qirollik fuqarosi bo'lgan qizinikida qolish maqsadida kelgan edi.
Sud yoshi ulug' bu ayolni qo'llab-quvvatlash maqsadida yozilgan 55 ming imzoli onlayn-petitsiyaga ham e'tibor qilmadi.
Ma'lum bo'lishicha, 2014 yilda beva qolgan ayol JARda unga yordam beruvchi hech bir yaqini qolmaganligi sababli Pul (Dorset grafligi) shahrida yashovchi 66 yoshli Meri Uillsnikiga keladi. Uills esa onasining Buyuk Britaniyada yashash huquqini olish uchun harakat qiladi.
Sud qarori bo'yicha, bir ko'zi ko'rish qobiliyatidan ayrilgan va yurak xastaligiga chalingan keksa ayol mamlakatni kelgusi haftada (aniq muddat kiritilmagan) tark etishi kerak. Unga ming funt miqdorida yo'l haqi ajratiladi. Migratsiya xizmati ayolga JARga yetib borgach, yordam uchun Qizil Xoch jamiyatiga murojaat etishini maslahat bergan.
Kotill xonimning advokati Uills va uning turmush o'rtog'i ham JARga bora olmasligini ta'kidlab o'tdi. Chunki ular JARda yashash huquqiga ega emaslar. Shuningdek, uning so'zlariga ko'ra, keksa ayol davlatdan 300 funt maiqdorida nafaqa olayotgani sabab, JARning xayriya tashkilotlariga ham murojaat eta olmaydi. Kotill moddiy qaramlikka muhtoj bo'lsa-da, o'z qizi yonida qolish uchun davlatdan hech qanday to'lov talab qilmadi.
“Men ketishni istamayman, u yerda mening hech kimim yo'q, yo'lga chiqishga esa kuchim yo'q. Men juda ham xafaman. Keksayib qolganman, umrim so'nggi qismini qizim yonida o'tkazishni istayman”, deydi Kotill xonim.
Uilss uzoq yo'l onasining hayotiga xavf solishidan xavotirda ekanini bildirib o'tgan.
“Deportatsiya qarori hech bir insoniy qadriyatlariga to'g'ri kelmaydi”, deydi Kotillga migratsion ishlari bo'yicha yordam bergan maslahatchi Jeyms Deyvis.