Psixologlar fikricha, imo-ishoralarni va fe’l-atvorni “o‘qiy olish” samarali suhbat qurishning eng muhim shartidir. Bu ajoyib ilmni har kim o‘rganishi mumkin, agar bunday qobiliyat tug‘ma bo‘lsa, uni rivojlantirish juda oson.
Ma’lumotlarga qaraganda, odam 70 foiz axborotni ko‘zlardan oladi, ya’ni aksariyat ma’no ko‘zlarda ifodalanadi. Mana shu ma’noni tushuna olish yashirin fikrlar va tuyg‘ularni anglashga yordam beradi.
Odamning qadam tashlashi, yuz ifodasi, imolari, qarashi, odatlariga qarab u haqdagi ilk xulosani chiqaramiz. Bu holat ongosti hodisasi hisoblanadi. Ong osti jarayoni degani nimani anglatadi? Masalan, gazeta o‘qib o‘tiribsiz. Ko‘chadagi mashinalar, odamlarning shovqin-suronini ongingiz siz istamasangiz ham qabul qiladi, miyangizda shu to‘g‘rida ma’lumot hosil bo‘ladi. Xuddi ana shu holat anglashning ongosti jarayoni hisoblanadi.
Ko‘plab imo-ishoralar ongga bog‘liq bo‘lmagan tarzda amalga oshadi, lekin insonning kayfiyati va fikri haqida keng qamrovli axborot berishi mumkin. Yaxshi suhbatdoshni topish, yaxshi suhbatdosh bo‘lish uchun imo-ishoralar va harakatlarning “ma’no”sini to‘g‘ri fahmlay olish kerak. Quyida mutaxassislar tadqiq qilgan o‘nta vaziyatni e’tiboringizga havola qilamiz. Bilib olgan harholda zarar qilmasa kerak.
1. Bamoqlarni jipslashtirish. Uchta varianti bor: barmoqlarni yuzda birlashtirish, stolga yoki tizzaga qo‘yib o‘tirish. Bu holat suhbatdoshingiz zerikkanini, o‘zining salbiy munosabatini yashirishga urinayotganini bildiradi. Bunday paytda suhbat mavzusini, vaziyatni tubdan o‘zgartiring.
2. Og‘izni qo‘l bilan berkitish (bir nechta barmoq yoki musht bilan). Bu holat suhbatdoshingiz sizni “aldayapti” deb o‘ylayotganidan dalolat.
3. Quloqni qashish yoki siypalash. Bu narsa suhbatdoshingiz me’yoridan ortiq tinglagani, gapirishni istayotganini bildiradi. Bunday paytlarda monolog emas, diolog hosil qiling.
4. Bo‘yinni qashish yoki siypalash. Suhbatdoshingizning bu kabi harakatlari sizga ishonmayotgani, gumonni anglatadi.
5. Barmoqlarni og‘iz chekkasiga qo‘yish. Mazkur holat suhbatdoshingiz fikringizni ma’qullayotganini, siz tarafda ekanini bildiradi.
6. Suhbatdoshingiz peshanasi, chakkasi yoki iyagini siypalaydi, yuzini qo‘llari bilan berkitadi. Bu holat u hozir hech kim bilan gaplashishni istamayotgani belgisi. To‘xtash kerak, bu tarzda davom etadigan suhbatdan baribir yaxshi natija chiqmaydi.
7. Ko‘zni olib qochish. Bu suhbatdoshingiz nimanidir yashirayotganini bildiradigan eng yorqin belgi.
8. Qo‘llarni ko‘krak atrofida birlashtirish. Mazkur vaziyatda suhbat mavzusini o‘zgartirish yoki biryo‘la to‘xtatib qo‘ya qolish kerak. Agar suhbatdoshingiz qo‘llarini qovushtirib yelkasidan o‘tkazib olgan bo‘lsa, bu narsa uning haddan ziyod asabiylashganini bildiradi.
9. Qanshar (ikki qosh orasi)ni chimdish. Bu narsa suhbatdoshingiz fikrlayotganini, nimanidir o‘ylayotganini ko‘rsatadi.
10. Suhbatdoshingizning xona bo‘ylab uyoqdan-buyoqqa yurishi. Mazkur holat bahs-munozara o‘rtog‘ingizni qiziqtirayotganini, biroq o‘ylab, bir qarorga kelishga urinayotganini ifodalaydi. Shoshishning, shoshirishning hojati yo‘q.
Yuqoridagi holatlarning ayrimlari, balki sizga allaqachon ma’lumdir. Bu xulosalar tadqiqot natijasi, xolos. Balki ularda xatoliklar bordir. Agarda siz kuzatuvchan bo‘lsangiz, vaziyatni to‘g‘ri tahlil qila olsangiz, to‘g‘ri xulosani mustaqil chiqara olasiz.Har holda hayot, odamlar, voqea-hodisalarning mohiyati haqida muntazam o‘ylash, fikrlash miya faoliyati yaxshilaydi.