Hozirgi kunda ko‘pchilik yurtdoshlarimiz ko‘k choyni doimiy ravishda iste’mol qilishadi. Buning sababini ular iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda deya baholashadi. Bu ham to‘g‘ri. Lekin masalaga chuqurroq nazar tashlanadigan bo‘lsa, sog‘lom hayot tarzini yaratish ishtiyoqida bo‘lgan har bir inson, albatta, ko‘k choy iste’mol qilgani ma’-qul. Negaki, ko‘k choy vitaminlarga boy. Uning tarkibida S, R, V, K, RR vitaminlari, shu jumladan, ftor, yod, mis va shunga o‘xshash organizm uchun nihoyatda foydali hisoblangan moddalar mavjud.
Masalan, ko‘k choy tarkibidagi S vitamini rak kasali bilan og‘rimasligingiz uchun ma’lum ma’noda zamin yaratib bersa, R vitamini qon aylanishini yaxshilaydi.
Ko‘k choy yurak kasalliklari, ateroskleroz, bosh miyada qon aylanishi masalalarida odamga yordam berib, arterial qon bosimini tushiradi.
Bundan tashqari, ko‘k choy organizmdagi turli mikroblar, viruslarni o‘ldiradi va shamollashning oldini oladi. Ko‘pchilik uni gripp, ovqatdan zaharlanish, disbakterioz kabi kasalliklarni davolashda ham qo‘llaydi.
Bo‘qog‘i kattara boshlagan bemorlar ham, albatta, ko‘k choyni doimiy ravishda ichishlari zarur.
Ko‘k choy tarkibida ftor moddasi ham mavjud ekanki, bu bizning milklarimiz, tishlarimiz mustahkam bo‘lishi uchun xizmat qiladi.
Ayniqsa, kompyuter qarshisida ko‘p o‘tirib ishlaydiganlar ko‘k choyni ko‘proq ichishlari lozim. Chunki, ko‘k choy organizmni zararli nurlardan ham himoya etadi.
Ko‘k choyni tibbiyotda ozish uchun ham tavsiya qilishadi. Bu to‘g‘ri. Negaki, u organizmdagi modda almashinuvini yaxshilab, ortiqcha yog‘larni haydab chiqaradi.
Bu ichimlikni sut va shakarsiz ichgan ma’qul. Agar shirinliksiz tura olmaydiganlar bo‘lsa, ko‘k choyga ozgina asal aralashtirib ichsalar ham bo‘laveradi.
Ko‘k choyni choynakka solgandan so‘ng ikki martadan ko‘p damlamaslik kerak. Sababi, qayta-qayta damlayversangiz, choy tarkibidagi vitaminlar deyarli yo‘qolib ketgan bo‘ladi va sizga hech qanday foyda bermaydi.
Yana shuni alohida ta’kidlab o‘tmoqchimizki, ko‘k choy yosharish, yuz tuzilishini yanada yaxshilash, keksarishni sekinlashtirishda ham keng qo‘llanilib, turli krem, shampunlar tarkibiga qo‘shib kelinayapti.