Rossiyaning “AvtoVAZ” kontserni 2018 yili ichki bozorga ixcham krossoverni olib chiqmoqchi, u bugungi Lada Kalina modeli asosida qurilib, uning o'rnini bosishi mumkin. Bu haqda “Izvestiya” gazetasi xabar bermoqda.
Nashrning ma'lum qilishicha, Kalina oilasi sekin-astalik bilan bozordan chiqariladi va 2018 yilga “AvtoVAZ” bu nomdan voz kechadi.
Xususan, ko'rsatilgan yilda kontsern Kalina bazasidagi universal va Cross seriyasini chiqarishni to'xtatib, ularga muqobil modifikatsiyalarni Granta negizida yaratadi. Granta modelining o'zi 2016 yilda restaylingdan o'tkaziladi, 2020 yilda esa avlodi almashadi.
Kalina’ning o'rnini bosadigan avtomobil nomi hozircha ma'lum emas. Uning seriyali modeli 2018 yil o'rtalarida taqdim etilishi kutilmoqda. 2023 yilda, rejaga ko'ra, uning ikkinchi avlodi tayyor bo'ladi.