Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko mamlakat hukumatini qaytadan tuzishni talab qildi. Poroshenkoning bayonotida vazirlar mahkamasi jamoatchilik ishonchini yo‘qotgani, hukumatni qisman yangilash uchun vaqt boy berilgani aytiladi, deb xabar beradi Meduza.
“Hozircha bosh vazirda ushbu talabni qay tariqa amalga oshirish yaxshiroq bo‘lishini tanlash imkoniyati saqlab qolinadi”, — deydi Poroshenko.
Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, yangi hukumat amaldagi koalitsiyaning bazasida shakllantirilishi kerak. Koalitsiya tarkibiga Pyotr Poroshenko bloki, bosh vazir Arseniy Yatsenyukning “Xalq fronti”, “Batkivshchina” va “Samopomoshch” birlashmasi kiradi.
Poroshenko Oliy radani tarqatib yuborish huquqiga ega ekanligini eslatib qo‘ydi, biroq bu huquqdan boshqa iloji topilmay qolganda foydalanishga va’da berdi.
Ukraina prezidenti, shuningdek, bosh prokuror Viktor Shokinga iste’fo berishni taklif etganini ma’lum qildi.