Shu kunlarda Braziliyada bo’lib o’tayotgan futbol bo’yicha Jahon Chempionatida vatandoshimiz Ravshan Ermatovning muvafaqiyatli faoliyati barchamizni hursand qilmoqda . Quyida Ravshan Ermatov haqida qiziqarli faktlarni e’tiboringizga havola etmoqchimiz.
1. Ravshan Ermatov 1977-yil, 9-avgust kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. Hozirda Toshkentda istiqomat qiladi.
2. Ravshan Ermatov birinchi ligada ishtirok etgan Toshkent viloyatining «G’azalkent», sal keyinroq esa poytaxtning «Istiqlol» jamoalarida to‘p surgan. Jarohati tufayli 1997 yili 19 yoshida katta futbol bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi.
3. 1998 yildan boshlab ikkinchi liga jamoalari o‘yinlarini boshqardi. 1999 yildan birinchi va 2001 yildan oliy liga o‘yinlariga hakamlik qildi. Oliy ligadagi birinchi o‘yini – «Zarafshon»-«Semurg‘» to‘qnashuvi bo‘ldi.
4. Uni bugungi darajaga yetishida uning birinchi ustozi, Respublika toifasidagi hakam, O’zbekiston futbol Federatsiyasi nazoratchi-inspektori, Ravshan Ermatovga tarbiya bergan otasi Sayfitdin Ermatovdirning o’rni beqiyos.
5. Ravshan Ermatov xalqaro hakamlik faoliyatini 2003 yili 25 yoshida boshladi.
6. Xalqaro hakamlik doirasida hozirgacha 118 ta o’yin o’tkazgan. Ushbu o’yinlarda darvozalarga 14 ta penalti belgilab, 27 qizil hamda 492 ta sariq kartochka ko’rsatgan.
7. Ravshan Ermatov ketma-ket 4 yil (2008, 2009, 2010 va 2011) Osiyoning “Eng Yaxshi Hakami”, deb topilgan.
8. Benito Archundia 2006 yilda bitta final turnirda beshta matchga hakamlik qilib, jahon chempionatlari rekordini o‘rnatgan edi. Oradan to‘rt yil o‘tib, Janubiy Afrika Respublikasidagi jahon birinchiligida beshta o‘yinni boshqargan O‘zbekistonlik hakam Ravshan Ermatov uning muvaffaqiyatini takrorladi. Shuningdek, turnirda ishtirok etgan hakamlarning eng yoshi ham Ravshan Ermatov edi (32 yosh).
9. Braziliyada bo’lib o’tayotgan JCh da Ravshan Ermatov hozirgacha 3 ta o’yinga hakamlik qilishga tayinlandi. Agar Ermatov pley-off bosqichida hech bo‘lmasa bitta o‘yinga ega bo‘lsa, JCh tarixlarida eng ko‘p o‘yinni boshqargan hakam bo‘ladi. Qolaversa, Ermatov oldida rekord natijani yaqin yillar ichida hech kim yangilay olmaydigan holatga olib kelish imkoniyati bor. Ayni paytda 37 yoshli hakamimiz, Rossiyada bo‘lib o‘tadigan mundialga ham chaqiruv olishi mumkin, agar o‘zining saviyasini bir tekisda ushlab tura olsa.
10. Ravshan Ermatov hakamlarni mina izlovchi sapyorlarga oʻxshatadi. “Men hakamlarni mina izlovchi sapyorlarga oʻxshataman. Sal notoʻgʻri harakat minaning portlashiga olib keladi”, – deydi R.Ermatov.