Shvetsiyada qochoqlar joylashtirilishi rejalashtirilgan bir necha bino yonib ketdi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Yong‘in 12-mart, shanba kuni ertalab Buros shahri yaqinidagi sobiq axloq tuzatish koloniyasi hududida joylashgan 3 ta bo‘sh binoda ro‘y bergan. Ularga 100—150 nafar muhojirni joylashtirish mo‘ljallangandi. Alangalanish manbasi binolardan tashqarida bo‘lgani uchun yong‘inga o‘t qo‘yish sabab bo‘lganini gumon qilinmoqda. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-yilning oxirgi choragi mobaynida mamlakatda qochoqlar markazlariga o‘t qo‘yilishi bilan bog‘liq 58 holat qayd etilgan.
O‘tgan yili Shvetsiyaga 163 ming nafar muhojir kelgan. Mamlakat muhojirlik boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil ularning soni 140 ming kishi atrofida bo‘lishi kutilmoqda.