Toshkentda o'tgan hafta davomida turli rusumdagi avtomobillarning g'ildiraklarini o'g'irlash bilan bog'liq 6ta holat qayd etildi. Anhor.Uz ma'lumotlariga ko'ra, barcha o'g'irliklar tungi vaqtda, ko'chada to'xtab turgan va signalizatsiyasi bo'lmagan avtomobillar bilan amalga oshirilgan. Internet-nashrning yozishicha, yana bir o'g'irlikning oldi olib qolingan – qo'shni kishining voqeaga guvoh bo'lib, baqir-chaqir ko'targanidan so'ng, gumonlanuvchilar shoshilinch ravishda voqea joyidan qochib ketishgan, ularni tutib qolish imkoni bo'lmagan.
Xabar berishlaricha, qayd etilgan holatlar bo'yicha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Qayd etish joiz, Toshkentda so'nggi vaqtlarda avtomobillarning g'ildiraklari, davlat raqamlarini va hatto avtomobilning o'zini o'g'irlash holatlari tez-tez sodir etilmoqda. Avvalroq, avtomobillarning ichidagi qimmatbaho buyumlarni o'g'irlashga ixtisoslashgan guruh paydo bo'lgani haqida xabar berilgan edi.