Uber onlayn taksi chaqirish xizmati operatori AQShdagi mijozlariga xavfsizlik choralari va tariflar haqidagi noto‘g‘ri ma’lumot uchun 28,5 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu haqda “TASS” xabar beradi.
Uber bu qarori haqida 11-fevral, payshanba kuni San-Fransisko shahridagi (Kaliforniya shtati) federal sudga ma’lum qilgan.
So‘z servis xizmatidan 2013-yilning 1-yanvaridan 2016-yilning 31-yanvariga qadar foydalangan kishilar haqida bormoqda. Ularning bir qismi Uber’ni mijozlarini ataylab chalg‘itishda ayblab, da’vo kiritgan. Jumladan, yo‘l haqiga haydovchilarning ishonchliligi to‘g‘risidagi kafolat uchun 2,3 dollar miqdoridagi yig‘im ham kiritilgan.
Aslida esa Uber haydovchilarni batafsil tekshirmagan va ularni barmoq izlari bazasi bo‘yicha ham tekshirmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Parij sudi Uber kompaniyasiga Milliy taksichilar uyushmasiga 1,2 million yevro miqdorida tovon puli to‘lashi kerakligi haqida qaror chiqargan edi.