Giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangani uchun Britaniya qamoqxonasida jazo muddatini o‘tayotgan 22 yoshli Kelam Foster qamoqxona ma’muriyatini sudga bermoqchi bo‘ldi. Bu haqda The Daily Mail xabar berdi.
Mahbusning ta’kidlashicha, u uxlayotganida bir yarim metrli yuqori koykadan dumalab tushgan va kameraning beton yeriga boshi, bo‘yni va beli bilan urilgan. Natijada boshidan qattiq zarb yegan. Shunday bo‘lsa-da, uyg‘onib ketmagan, yiqilib tushgani haqida kameradoshidan eshitgan.
Foster dalil sifatida peshonasidagi g‘urrani ko‘rsatgan. Biroq sud tibbiy hujjatlarni tekshirib chiqib, g‘urraning o‘tgan yil aprelida — Foster qurolli hujumda ayblanib qo‘lga olinganida bo‘lganini aniqladi. O‘sha voqeadan bir necha oy o‘tib, Foster boshqa ayblov bilan yana qamoqxonaga qaytgan. Bu gal unga giyohvand moddalar sotgani uchun uch yil jazo tayinlangan. Qamoqxonada huquqshunoslik bo‘yicha jurnal qo‘liga tushib qolgach, unda koloniyadan sud orqali olti ming funt sterling undirib olish g‘oyasi paydo bo‘ladi. Biroq endi u tomonlarning sud xarajatlari uchun 35 ming funt sterling tovon to‘lashi kerak.