Cassini zondi Yerga Saturn sayyorasining keng burchakli kamerada infraqizil filtr yordamida olingan g‘aroyib suratlarini uzatdi . Bu haqda NASA ma’lumotlariga asoslanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.
Cassini fotolavhalarni taxminan 1,5 million kilometr masofadan olgan. Bunday suratlar olimlarga sayyora atmosferasida bulutlar joylashuvini aniqlash imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, “Kassini-Gyuygens” – AQSh va Yevropa koinot agentliklarining Saturnni o‘rganish bo‘yicha hamkorlikdagi loyihasidir. Zond 1997-yilda “yo‘lga” chiqib, 2004-yil 1-iyulda sayyora orbitasiga borib yetdi. Ayni paytda qurilmaning faoliyat muddati 2017-yilgacha uzaytirilgan, bu esa tadqiqotchilarga Saturnni barcha fasllarda kuzatish imkonini beradi.
Loyiha yakunida Cassinini sayyora bilan to‘qnashtirish va shu orqali Saturn atmosferasi qatlamlari tarkibi va xususiyatlari to‘g‘risida noyob ma’lumotlarni qo‘lga kiritish rejalashtirilgan.