AQSh harbiy mutaxassislari 3D-printer yordamida jangovar sharoitlarda yegulik tayyorlash imkonini beruvchi texnologiyani yaratdi. Bu haqda Times gazetasiga tayanib, “ITAR-TASS” xabar berdi.
“Operatsiyalarda ishtirok etayotgan harbiyning ahvoli asosan ovqatlanish sifatiga bog‘liq, — deyiladi nashr xabarida. — Ayni paytda Massachusets texnologiya instituti ilmiy xodimlari bilan hamkorlikda berilgan o‘lchamlar asosida oziq-ovqat yarata oladigan 3D-printer ishlab chiqildi. Bu o‘lchamlar kaloriya, oqsil, uglevodlar va vitaminlar miqdorini o‘z ichiga oladi”.
Taom tarkibi operator tomonidan kompyuterga kiritiladi va printerga ma’lum masalliqlardan foydalanish buyrug‘i beriladi. Ushbu texnologiya qo‘shinlarni oziq-ovqat bilan ta’minlash sarf-xarajatlarini kamaytirish hamda askarlar taomnomasini xilma-xillashtirish imkonini beradi. 3D-printerda “chop qilinadigan” taomlar pirog yoki pitssa ko‘rinishida bo‘ladi.