Intuitsiya
Gohida biror muammo ustida rosa bosh qotirasiz-u, lekin hal qilish yo‘lini topa olmaysiz. O‘ylab-o‘ylab oxiri zerikasiz. Bor-ye deb etak silkiysiz. Umuman bu muammo haqida o‘ylamagan paytingiz yechimi o‘z-o‘zidan miyangizga yarq etib kelib qoladi. Bu holat fanda “intuitsiya” deb yuritiladi. Falsafa, san’at, ilm yoki boshqa istalgan sohadagi kashfiyot intuitsiya boshqichidan o‘tadi. Shoir yoki yozuvchiga ilhom kelishi ham aynan intuitsiya bilan bog‘liq. Ijodkor ongida anchadan buyon to‘planib turgan fikr “etiladi” va qalbga ta’sir qilib tuyg‘u uyg‘otadi. Xuddi shu jarayon ijodda ilhom deyiladi.
Yangi san’at asarini yaratish uchun, har qanday kashfiyot yoki yangilikka qo‘l urish uchun, istalgan g‘oyaning mazmuni va tabiat qonunlarini anglash uchun bilim yoki falsafiy, ilmiy, axloqiy qarashlarning o‘zi ozlik qiladi. Biz tushunmoqchi bo‘lgan g‘oyaning tub mohiyatini his qilishimiz ham kerak. Bu holat qay tarzda kechishini so‘z bilan tushuntirib berishning iloji yo‘q.
Intuitsiya – bizning ruhiyatimiz va qalbimizni idrokimiz bilan bog‘lovchi vosita. U tafakkur va mantiq doirasidan ancha olislab ketadi. Intuitsiya jarayonida nafaqat tasavvur, balki timsol, majoziy belgilar hamda insoniyat taraqqiyoti davomida shakllangan barcha g‘ayrioddiy imkoniyatlar ishtirok etadi. Shu bois intuitsiya imkoniyat borasida bizga ancha tanish va tushunarli bo‘lgan boshqa idrok vositalaridan ancha ustun turadi.
Mantiq – idrokimizning chegaralangan anglash quroli. Mantiq vositasida fikrlash amalga oshiriladi, lekin u tafakkur emas. U mavjud axborotni qayta ishlaydi, xolos, yangi bilim hosil qilmaydi. Mantiq ongdagi muhokama jarayoni to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlaydi. Hosil bo‘lgan xulosa yoki hukm haqiqat yoki yolg‘on ekanini esa aniqlab berolmaydi. Masalan:
1-ma’lumot: Kasal o‘quvchilar darsga kelmadi.
2-ma’lumot: Sohib maktabga bormadi.
3. Hukm: Sohibning ham tobi yo‘q.
Mantiqiy tahlilga ko‘ra, hukm-xulosa chiqarildi. Lekin Sohibning haqiqatan ham kasal yoki kasal emasligini mantiq aniqlab berolmaydi.
Lekin hayron qoladigan tomoni – fikrlash doimo mantiq vosita amalga oshiriladi, yolg‘iz aqlning o‘zi bilan tahlil qilish imkoni yo‘q. Demak, haqiqatni topish mantiqdan boshqa vosita yordamida amalga oshiriladi. Bu vositani qadimda “intuitsiya” deb ataganlar. (“Intuitsiya” lotincha intuition so‘zidan olingan bo‘lib, “sinchiklab qarash” degan ma’noni anglatadi.)
Intuitsiya haqidagi tushunchalar qadimgi Sharqda ham bo‘lgan. Masalan, mashhur qomusiy olim Ibn Sino uni “ilohiy ilhom”, “ilohiy zehn” deb nomlagan.
Amerikalik ruhshunos-terapevt Erik Bern fikricha: “intuitsiya nimanidir bilganimizni ko‘rsatadi, lekin buni qanday anglaganimizni ifodalab berolmaydi”.
Ruhshunoslar intuitsiya qay tarzda ishlashini yaxshi tushuntirib berolmagan bo‘lsa-da, u ma’lum ma’noda nazariy tahlil etilgan. “Insayt” atamasi inglizcha insight so‘zidan olingan. “Fikr ravshanlashishi”, “payqash”, “mohiyatga yaqinlashish” degan ma’noni anglatadi. Bu atama inson miyasida to‘satdan yangi g‘oya paydo bo‘ladigan, u ko‘p o‘ylagan muammoning yechimi topiladigan fursatni anglatadi. Insayt “aga-reaktsiya” deb ham yuritiladi. Muammoning mohiyati va yechimini topib olsak, g‘ayriixtiyoriy ravishda baqirib yuboramiz. Xuddi shu vaziyat aga-reaktsiya deyiladi.
Vannada cho‘milayotgan Arximedning qo‘lidan sovun tushib ketadi va uning miyasiga birdan fizik qonunning javobi kelib qoladi. Shunda “Evrika! Evrika!” (“Topdim! Topdim!”) deb hayqirganicha vannadan sakrab chiqib ketadi. Mana shu holat insaytdir.
Shu bois ruhshunoslar intuitsiyaning manbai g‘ayrishuuriylik, aniqrog‘i, uning idrok bilan tarbibli aloqasi deb hisoblaganlar. Tadqiqotlar bu fikrni tasdiqladi. Intuitsiya hissiyot va ramziy tushunchalar vositasida ishlaydi. Ko‘pincha intuitiv ravishda oldindan sezish tushda, mudroq paytida, xayol surganda kuzatiladi.
1926 yili amerikalik tadqiqotchi Grexem Uolles ijodiy jarayon mundarijasini ishlab chiqdi. Bu mundarija keyinchalik shuhrat qozondi. Tadqiqotchi ushbu ishini mashhur olimlarning hayotiga oid shaxsiy kuzatuvlari asosida yaratdi. Ayniqsa, nemis fiziologi, fizigi va matematigi German Gelmgolts va frantsuz matematigi Anri Puankarening ijod yo‘lini sinchiklab o‘rgandi. Uolles ijodiy jarayonni to‘rt bosqichga bo‘ladi:
1-bosqich – tayyorgarlik. Bunda muammo haqida kerakli ma’lumotlar to‘planadi, uning yechimi qidiriladi, faktlar tahlil etiladi.
Tajribadan ma’lum: bu davrda ko‘p bosh qotiriladi, harakat qilinadi, lekin hech qanday foydasi bo‘lmaydi.
2-bosqich – inkubatsiya (yashirin davr). Yangidan-yangi muammolar paydo bo‘ladi. Turg‘unlik kuzatiladi. O‘ylar chuvalashib ketadi, kalavaning uchini topib bo‘lmay qoladi. Hatto muammo haqida umuman o‘ylay olmaslik mumkin.
3-bosqich – oydinlashuv. Ilhom, kashf etish, insayt. Ko‘pincha tasodifan, oniy tarzda sodir bo‘ladi. Bu ko‘z ochib-yumguncha yuz beradigan hodisada yechim ramziy, tasavvurdagi fikr tarzida namoyon bo‘ladi. Uni so‘z bilan ifodalab berish qiyin bo‘ladi.
4-bosqich – tekshiruv. Tasavvurdagi obraz so‘zga ko‘chadi, fikrlar mantiqiy ketma-ketlikda tiziladi, kashfiyot yoki yangilik ilmiy asoslanadi.
Fikriy oydinlashuv (insayt), yangi g‘oyalarning tug‘ilishi intuitiv-hissiy ijod jarayonining kulminatsion nuqtasi hisoblanadi.
Xullas, biz bosh qotirayotgan muammomiz haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishimiz kerak. Bilim doiramiz qanchalik keng bo‘lsa, yechimning topilishi shunchalik oson kechadi. Muvaffaqiyatsizliklarga qaramay yana va yana tahlil qilish, fikrlash talab etiladi. Ma’lum vaqt faqat shu muammo bilan, turli g‘oya va tahlillar bilan yashash zurur. Shunda birdan insayt – fikr tiniqlashuvi yuz beradi. Bu jarayonga inson jismonan va ruhan tayyor bo‘lishi, o‘z ishiga butun borlig‘ini berishi kerak.
Quyida intuitsiya holatida ro‘y bergan kashfiyotlarning ayrimlari bilan tanishamiz. Taniqli kishilarning fikrlash va intuitsiya haqidagi qarashlaridan misollar keltirilib, ular fe’l-atvoridagi o‘ziga xosliklar haqida ma’lumotlar beriladi:
Tikuv mashinkasining ixtiro etilishi
Tadqiqotchi Elias Xove dastlabki tikuv mashinasi ustida uzoq muddat ter to‘kadi, biroq harakatlar biror-bir ijobiy natija bermaydi. Olim bir kun tunda yomon tush ko‘radi: uning ortidan odamxo‘rlar to‘dasi quvib keladi, unga deyarli yetib oladi. U nayzaga o‘xshagan bir nima yarqirab ketganini ham aniq-taniq payqaydi. Dahshat ichida yotgan Xove nayzalarning xuddi ignaga o‘xshash teshiklari borligini ham ko‘radi. Bechora uyg‘ongach zo‘rg‘a nafas oladi, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titraydi.
Bir muncha vaqt o‘tgach Xove kechqurungi tushini eslaydi, tadqiqoti uchun muhim xulosa yasaydi. Tikuv mashinasi ishlashi uchun bor-yo‘g‘i ignadagi teshikni o‘rtadan emas, quyidan, o‘tkir joyidan ochish kerak ekan, xolos. Bu tadqiqotchi kechayu kunduz qidirayotgan oddiy yechim edi. Xullas, Xovening bosinqirashi tikuv mashinasining ixtiro etilishiga turtki beradi.
Disney va musiqa
Uolt Disney mumtoz musiqaning ashaddiy ishqibozi bo‘lgan. O‘zining ta’kidlashicha, birinchi notalarni eshitishi bilanoq uning ongida turli manzaralar paydo bo‘lar ekan. U musiqa insonlar ongida ezgulikka intilish tuyg‘ularini uyg‘otadi deb qattiq ishongan.
Savolni to‘g‘ri qo‘yish – muammoning yarim yechimi
Eynshteyn bir o‘rinda shunday fikr yuritgan: agar uni o‘limga mahkum etishsa va bir soatgina vaqt qolgan bo‘lsa, u mana shu soatning ellik besh daqiqasini muammo yoki savolni to‘g‘ri qo‘yishga sarflagan bo‘lar ekan. “Chunki javobni topish uchun, – deydi Eynshteyn, – besh daqiqa ham yetadi”.
Daholarning o‘ziga xos fe’l-atvori
O‘tgan asrnig 20-yillarida tadqiqotchi Katerina Koks Isaak Nyuton, Tomas Jefferson, Iogan Sebastyan Bax singari uch yuzdan ortiq taniqli kishilarning faoliyatini o‘rganib chiqdi. Uning keng ko‘lamli tadqiqoti hayratlanarli xulosaga olib keldi: mashhurlarning axloqi va fe’l-atvori bir-biriga juda o‘xshar ekan.
Koksning fikricha, daholarning ajralib turadigan sifatlaridan biri – ular o‘z tuyg‘u va fikrlarini kundaliklarda, she’rlarda, do‘stlarga yozgan xatlarida ifodalashni yoqtirarkan. Bu an’ana bo‘lajak geniyning yoshlik davrlaridayoq ko‘zga tashlanadi. Koks bu holatni nafaqat adiblarda, balki harbiylar, siyosatchilar va olimlarda ham kuzatgan.
Insoniyatning bir foizdan ko‘p bo‘lmagan qismigina o‘z fikr yoki tuyg‘ularini kundaliklarda, xotira daftarlari yoki kitoblarda ifoda eta oladi. Misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishish uchun esa mana shu bir foizning o‘zi ham yetadi!
Savol tug‘iladi: almoyi-aljoyi narsalar qoralaydiganlar ham geniymi? Geniylarning ijodi ham bema’ni bo‘ladimi? Nima uchun rivojlanib ketadigan ong egalari dastlab kundalik tutadilar? Yoki kelajakdagi shon-shuhratlarini sezib tarixchilarga manba qoldirib ketadilarmi? Yoki yozuvchilikka qiziqish g‘ayrat bilan ishlaydigan idrokning ikkinchi darajali mashg‘ulotimi? Balki hali to‘liq kamolga yetmagan dahoning ongosti tafakkuri shu tarzda o‘sib borar?
O‘tkir fikrlar juda kam tug‘iladi
Bir kuni bir muxbir Albert Eynshteyndan “Nodir fikrlaringizni biror joyga yozib qo‘yasizmi? Agar shunday bo‘lsa, nimaga yozasiz: bloknotgami, qayd daftarigami yoki maxsus kartochkalargami?” deb so‘raydi. Shunda Eynshteyn muxbirning bolishday bloknotiga qarab turib javob beradi: “Azizim, yaxshi fikrlar kallaga juda kam keladi, ularni eslab qolishning esa hech bir qiyin joyi yo‘q!”
Kichkina demang bizni…
Bir kuni yuk mashinasi ko‘prik ostidagi yo‘l tuneliga qisilib qoladi. Chunki uning kuzovi juda katta edi. Politsiya va yo‘l harakati xizmati xodimlari uni chiqarib olish uchun rosa urinadi, lekin hech qanday natijaga erisha olmaydi. Mashinani qanday qilib chiqarish mumkinligi haqida hamma o‘z fikrini bildiradi. Dastlab yukning ma’lum qismini tushirmoqchi bo‘ladilar. Biroq yuki ozaygan mashinaning ressorlari ko‘tarilib ko‘prik ostiga yanada jipsroq tiqilib qoladi. Lom bilan ponani ham ishga soladilar. Dvigatelni tezlashtirib ko‘radilar. Xullas, bunday vaziyatlarda odatda nima qilinsa, hammasi bir-bir sinovdan o‘tkaziladi. Biroq ish faqat orqaga ketadi.
Shu payt olti yoshli bolakay kelib qoladi va ballonlarning damini biroz chiqarish kerakligini aytadi. Muammo yechiladi! Chunki havo chiqib ketgach shina kichrayadi, o‘z-o‘zidan mashinaning bo‘yi ham pasayadi. Yo‘ldan bemalol o‘tib olish mumkin.
Politsiya va yo‘l xizmatchilari tiqilib qolgan mashinalarni chiqarishning juda ko‘p usullarini bilgani uchun muammoning yechimini topa olmadi. Sababi ular mavjud tajribadangina foydalandi, xolos. Vaziyat chuqurroq tahlil etilganda kalavaning uchini qo‘lga kiritish mumkin edi.
Xullas, anglash uchun bilimning o‘zigina kifoya qilmaydi. To‘g‘ri tahlil va keyingi jarayonni seza olish zarur. Lekin biz his qilgan, anglagan narsalar to‘g‘ri chiqishi uchun bilishimiz, juda ko‘p bilishimiz shart!