Ishingiz yurishmayaptimi?. Omadsizman deysizmi?. To‘xtang! Manavi ro‘yxatga bir qarang. Yo‘q, siz yaxshilab qarang . Shu odamlar ham bir paytlar rosa omadi kelmagan edi. Siz ulardan ko‘pini taniysiz. Ular qiyin paytda ham taslim bo‘lmagan edilar. Demak sizni ham hali oldinda yaxshi kunlar kutayapti.
Uinston Cherchill
Cherchil oltinchi sinfda “qolib ketgan”. U avvaliga qancha urinmasin o‘zi xohlagan birorta ham siyosiy lavozimni egallay olmagandi. Lekin keyin… 62 yoshida Buyuk Brtianiyaning premer-ministri bo‘ldi.
Tomas Edison
Edisonga o‘qituvchilari har doim “sen ahmoqsan, biror narsani o‘rgana olmaysan” deyishardi. Bundan tashqari, ishlaydigan elektr lampa yaratgunicha mingdan ortiq lapochkani ishlab chiqargandi.
Xarland Devid Sanders
KFC kompaniyasining ramzi bo‘lgan Xarland Devid Sanders o‘z jo‘jalarini hech kimga sota olmagan. Mingdan ortiq restorandan “jo‘na bu yerdan” degan javobni olish osonmi? Faqat bittagina restoran uning jo‘jalarini sotib olishga zo‘rg‘a rozi bo‘ldi. Endi esa Sandersning surati KFC tarmog‘idagi hamma restoranlarning peshtoqini bezab turibdi.
Meysi
Meysi juda ko‘p marta biznesda “yomon tushgan”. Nyu-Yorkdagi do‘konida ham qarzga “kirib ketdi”. Lekin u tingani yo‘q va oxiri dunyodagi eng yirik unimermaglardan biri Macy’s ga ega bo‘ldi.
Stiven Spilberg
Spilberg Janubiy Kaliforniyadagi universitetga kirishni doim orzu qilardi. Biroq uch marta ketma-ket urinib, bu o‘quv yurtiga kiraolmadi. Keyin hammasini tashlab, rejissyorlikka qo‘l urdi. Buyog‘ini o‘zingiz bilasiz.
Charli Chaplin
Menejerlarga Charli Chaplinning harakatlari yoqmasdi. Ular Chaplin yorqin rol ijro etolmaydi, uni tomoshabinlar tushunmaydi, degan qarorga kelishdi. Oxiri “kel, bizdan nima ketdi. Bolapaqir bir urinib ko‘rsinchi” deb unga rol o‘ynashga ijozat berishdi. Qarabsizki, Chaplin Amerikada kinoyulduzga aylandi. Boyagi menejerlarning nomini esa ko‘plar esdan chiqarib yuborgan.
Merilin Monro
Afsonaviy Monroning Columbia Pictures bilan birinchi shartnomasi bekor qilindi. Prodyuserlar unga “aktrisa bo‘lishingiz uchun siz chiroyli va qobiliyatli emassiz” deyishdi. Monro arazlab “survorsammikin” degan o‘yga bordi-yu, lekin yana va yana urinib ko‘raverdi. Oxiri bir kun Gollivudning yorqin yulduziga aylandi.
Soichiro Xonda
Bu odamni Toyota kompaniyasiga injenerlikka ishga olishmadi. Ko‘p vaqt ishsiz yurdi. Keyin mototsikl yasay boshladi, o‘zining firmasini ochdi va ancha vaqtdan so‘ng milliarderga aylandi (eslab qoling: bir-ikki kunda emas).
Vera Vong
Bu ayol figurali uchish bo‘yicha AQSh terma jamoasiga qo‘shilib olmoqchi bo‘ldi. “Sur” deyishdi. Vogue jurnaliga muharrirlika ishga “ilinib” oldi. Bosh muharrir bo‘lmoqchi edi, nomzodini o‘rganib chiqishib, “yaramaydi” degan qarorga kelishdi. 40 yoshida ko‘chada qoldi. Keyin to‘y ko‘ylaklari dizayneri bo‘ldi. Joyini topdi, shekilli, nomi mashhur bo‘lib ketdi.
Uolt Disney
Gazeta muharriri Disneyni ishdan “haydavordi”. “Hay, nima gap?” desa, “senda tasavvur yaxshi rivojlanmagan va yaxshi g‘oyalaring yo‘q” degan javob bo‘ldi. Shundan so‘ng Disney amaki bir nechta kompaniyalar tuzib ko‘rdi: “bo‘madi-bo‘madida”. So‘ng “Qorqiz” multfilmini suratga oldi. Keyin nima bo‘ldi, deysizmi? Gapning ochig‘i, hozirgi bolalarning ko‘pchiligi uning g‘oyalari ta’sirida ulg‘aymoqda. Ishonmasangiz, kichkintoylardan so‘rang, Disney multfilmlarining qahramonlarini nomma-nom bilishadi.
Albert Eynshteyn
Eynshteyn faqat to‘rt yoshga kirib gapira boshlagan, yetti yoshida yozishni o‘rgangan. O‘qituvchilari unga “San bola, odam bo‘maysan”, “aqling pastroq” deganmish. Lekin unda o‘ziga xos fikrlash tarzi bor ekani hech kimnning xayoliga kelmagan-da. Bo‘lmasa, fizika bo‘yicha Nobel mukofotini olarmidi?!
Isaak Nyuton
Isaak Nyutonga oilaviy fermani boshqarishni topshirishgan edi. U qildi-bu qildi: mollar harom o‘ldi, daraxtlar quridi, ferma bankrot bo‘ldi. “Sendan cho‘pon chiqmaydi, bor shaharga bor, odam bo‘l” deyishdi. “Shu yigit arazlaydi-yov, ko‘ngliga keladi-yov” deb o‘tirishmadi. Bir kuni turdi-yu, ketdi-qoldi. Kembrij universitetiga bordi, to‘g‘ri o‘zini fizikaga urdi. (Yo‘q, olma boshiga keyinroq tushgan, darax tagida dam olib yotganida yoki o‘ylanib o‘tirganida, bo‘lsa kerak).
Dik Cheyni
Cheyni Yel universitetidan ikki marta haydalgan. Jorj Bush unga hazillashib: “Endi bildik, agar Yel universitetini tugatganingda prezident bo‘larmiding?! Haydalgansan, mana vitse-prezident bo‘lib o‘tiribsan” degan ekan.
Sidni Puate
Birinchi kinosinovda unga nima deyishganini bilasizmi? “O‘zingizni ham, boshqalarni ham qiynamang, yaxshisi kosa-tovoq yuvishga yoki shunga o‘xshash biror ishga kirib oling” deb maslahat berishgan. U esa Oskar mukofotini oldi (Ancha vaqtdan keyin, albatta).
Opra Uinfri
Bu ayolni televideniyedagi birinchi ishidan keyinoq bo‘shatib yuborishgan. Rahbarlari “Uning ko‘rinishi ekranga mos kelmaydi” degan hukm chiqarishgan. Lekin u bor kuchini ishga solib, tok-shou yulduzlaridan biriga aylandi. Shuning orqasidan milliarder bo‘lgani boshqa masala.
Doktor Syuss
Doktor Syussning birinchi kitobini 27 ta nashriyot qabul qilmagan. Keyiroq u eng ommaviy bolalar yozuvchilaridan biriga aylandi.
Genri Ford
Fordning birinchi avtomobil kompaniyasi bankrot bo‘lgan. Ikkinchisini o‘zi tashlab ketgan: sheriklari bilan kelishmay qolgan. Uchinchisida savdo past bo‘lgan. Keyinroq u amerikalik tadbirkorlar orasida eng mashhurlaridan biriga aylangan.
Jeyms Dayson
Bu odam chanyutgich yarataman deb 15 yil uringan. Roppa-rosa 5126 marta yasagan changyutgichlari ish bermagan. Bor yiqqanini sarflagan. Nihoyat 5127- changyutgich ish bergan. Bugungi kunda AQShda aynan Dayson (Dyson) belgisi qo‘yilgan changyutgichlar eng ko‘p sotilayotgani bo‘layapti.
J. Rouling
Rouling ishsiz, eridan ajrashgan, qarzga botgan edi va nafaqa puliga qizini boqardi. Keyin Garri Potter haqidagi birinchi romanini yozdi. Hozir u xalqaro darajada mashhur. Adashmasak, kitob yozib millarder bo‘lgan birinchi odam bo‘lsa kerak.
Stiven King
Kingning “Kerri” nomli birinchi romani avvaliga o‘ziga ham yoqmay axlat chelagiga tashlagan. Xotini qo‘lyozmani topib olib, stolga qo‘ygan. Bugungacha Stiven Kingning 49 romani dunyoning turli tillarida 350 million nusxada tarqalgan.
Ana shunaqa, gaplar. Endi ishondingizmi?. Demak olg‘a, omadingiz hali oldinda, ruhan charchamang.