2016-yilning oxiriga qadar “Mosgortrans” davlat unitar korxonasiga qarashli barcha avtobus, trolleybus va tramvaylarda simsiz internetdan tekin foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu haqda “Mosgortrans” DUK rahbari Yevgeniy Mixaylov ma’lumotiga tayanib, Meduza xabar beradi.
Uning so‘zlariga qaraganda, avtobus, trolleybus va tramvayning 15—20 nafar yo‘lovchisi bir vaqtning o‘zida tarmoqqa ulanishi mumkin bo‘ladi.
“Birinchi yo‘nalishlar fevralda internetdan foydalanish imkoniyati bilan jihozlanadi, biroq sinovdan o‘tkazish va sozlash uchun yana biroz vaqt talab etiladi. Shuni aniq aytishim mumkinki, yil oxirigacha barcha yo‘nalishlar bepul Wi-Fi bilan ta’minlanadi”, — deb ta’kidladi “Mosgortrans” rahbari.
Moskva metropolitenida simsiz internetdan foydalanish tizimi 2013-yilda paydo bo‘lgan edi. Hozirgi paytda metroning barcha stansiyalarida Wi-Fi mavjud.