SAP MDH va O‘zbekistonning “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasida memorandum imzoladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” SAP MDH matbuot xizmatiga tayanib. Hujjat mamlakatdagi kichik va o‘rta biznes uchun SAP Business One yechimi bazasida milliy “bulutli” infratuzilma va IT-platforma yaratishni ko‘zda tutadi.
Bitimda nazarda tutilgan hamkorlikdagi tashabbuslar SAP dasturiy mahsulotlarini yetkazib berish, SAP Business One platformasidagi “bulutli” infratuzilma bilan ishlash uchun IT-mutaxassislarni tayyorlashda konsultatsiya xizmatlari ko‘rsatish, konferensiya va davra suhbatlari o‘tkazish va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi direktori Sherzod Habibullayev so‘zlariga ko‘ra, SAP ekspertlari tajribasi va kompaniya yechimlari yordamida markazning davlat, aholi va biznes o‘rtasidagi hamjihatlikni yangi darajaga chiqarish maqsadini qisqa muddatlarda amalga oshirish imkoni yuzaga keladi.