O‘zbekistonning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali “Tadbirkorlik subyektlari ehtiyoji uchun mahalliy avtotransport vositalarini sotib olishga elektron ariza berish” nomli yangi xizmatni yo‘lga qo‘ydi, deb xabar bermoqda portal.
Endilikda o‘zining tadbirkorlik faoliyati uchun yengil yoki savdo avtotransportini xarid qilishni istaganlar ofisdan chiqmagan holda avtomobil modeli va mintaqaviy dilerni tanlashi mumkin. Shundan so‘ng, iste’molchi tanlangan modelni dilerdan olish uchun yozdirib qo‘yadi.
Hozirda Yagona portal orqali General Motors Uzbekistan O‘zbekiston-Amerika qo‘shma korxonasi, Samarqand avtomobil zavodi MChJ va JV Man Auto-Uzbekistan O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasining avtomobillarini xarid qilish uchun yozilish mumkin.
Mazkur xizmat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 15-apreldagi “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan yo‘lga qo‘yildi.