Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va mobil aloqa qamrov hududi hamda tarmoq sifat ko‘rsatkichlarini belgilangan texnik me’yorlariga keltirish hamda abonentlarning mobil aloqa xizmatlaridan kecha-kunduz foydalanish imkonini ta’minlash yuzasidan 2015-yil 13-oktabrda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi ma’muriy binosida mobil aloqa operatorlari bilan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishda quyidagi savollar ko‘rib chiqildi:
aholi kam istiqomat qiladigan va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarni mobil aloqa tarmog‘i bilan qamrab olish;
mobil aloqa tarmog‘i qamrovi mavjud bo’lgan, shuningdek, elektr energiyasi ta’minotida ko‘p uzilishlar bo‘ladigan hududlarda abonentlarga mobil aloqa xizmatlaridan kecha-kunduz foydalanish imkonini yaratish;
aholi zich joylashgan hududlarda mobil aloqa tarmog‘i sifat ko‘rsatkichlarining belgilangan texnik parametrlariga muvofiqligini va sifat ko‘rsatkichlarining belgilangan me’yordan og‘ish holatlari mavjud bo‘lgan hududlarda mobil aloqa sifatini yaxshilash;
mobil aloqa obyektlarni qurish va ularni foydalanishga topshirish muddatlarini qisqartirish;
axborot-ma’lumot xizmati (call-center) faoliyatini takomillashtirish va abonentlarga sifatli hamda tezkor xizmat ko‘rsatish, shuningdek, murojaatlarni ko‘rib chiqishda natijali choralar ko‘rish.
Yig‘ilishda aytib o‘tilgan barcha kamchilik hamda takliflar atroflicha muhokama qilindi va natijalari yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi mobil aloqa xizmatlarining qoniqarsiz holati yuzasidan mobil aloqa operatorlariga tegishli ko‘rsatmalar bergani xabar qilingan edi.