Dezertirlikda ayblanayotgan amerikalik harbiy xizmatchi Boui Bergdalning himoyachisi milliarder Donald Trampni sudga guvoh sifatida chaqirtirishga qaror qildi. Bu haqda “TASS” xabar beradi.
AQSh prezidentligiga Respublikachilardan nomzod Tramp o‘zining chiqishlarida bir necha marta serjantning ishi bo‘yicha izoh bergan va bu bilan adolatli sud muhokamasi davomida uning huquqlarini cheklagan bo‘lishi mumkin.
Bergdalning advokati podpolkovnik Franklin Rozenblattning ma’lum qilishicha, u 5-mart, shanba kuni tegishli so‘rov xatini Trampning Nyu-Yorkdagi idorasiga yuborgan.
Respublikachi avvalroq bir necha marta harbiy xizmatchini sotqin deb atab, u o‘lim jazosiga loyiq ekanligini ta’kidlagan.
Boui Bergdal 2009-yilda Afg‘onistondagi harbiy qismni beruxsat tark etgan va “Tolibon” jangarilari tomonidan tutib olingan. 2014-yilda AQSh ma’muriyati uni Guantanamoda saqlanayotgan besh nafar tolibga almashtirgan.