Kecha Angliya premer ligasida 31-turning oxirgi o'yinlari bo'lib o'tdi, deb yozadi "Championat.asia".
Biz kechagi o'yinlarda o'zini ko'rsatgan futbolchilarni yodingizga solamiz.
"Nyukasl" - "Sanderlend" 1:1
Qahramon: Aleksandr Mitrovich
Tayn va Uir derbisida Angliya premer-ligasida qolish uchun kurash olib borayotgan ikki klub to'qnash keldi. Mezbonlar safida serbiyalik Aleksandr Mitrovich so'nggi daqiqalarda gol urib "Nyukasl"ni mag'lubiyatda qutqarib qoldi. SHu tariqa "hakkalar" Rafael Benites boshchiligida ilk bor ochko olishdi. Mitrovich bahs oxirida to'qnashuvda boshidan jarohat oldi. SHifokorlar unga maydonga tushish mumkin emasligini aytishdi, Mitrovich bunga qarshi bo'ldi. Sababi bu paytga kelib almashtirishlar qolmagandi va jamoasi 10 kishi bo'lib qolishini istamadi. Benites va shifokorlar uni bir amallab maydonga tushirishmadi. Hujumchining g'alabaga bo'lgan intilishi muxlislarning olqishiga sabab bo'ldi.
"Sautgempton" - "Liverpul" 3:2
Qahramon: Sadio Mane
Ronald Kuman boshchiligidagi "Sautgempton" bu turda ajoyib irodali g'alabaga erishdi. Jamoa o'z uyida "Liverpul"ga qarshi bahsning 63-daqiqasiga kelib 0:2 hisobida yutqazayotgandi. SHundan keyin mezbonlar Yurgen Klopp shogirdlarini 3 bor ranjitishdi. Bunda Sadio Manening xissasi katta bo'ldi. U ikkita gol urishga erishdi. Agar 50-daqiqada penaltidan ham gol ura olganida xet-trikka erishgan bo'lardi.
"Manchester Siti" - "Manchester Yunayted" 0:1
Qahramon: Markus Reshford
18 yoshli Markus Reshford Manchester derbisida gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi. Bu haqda saytimizda xabar chiqdi. Kechagi derbida maktab o'quvchisi bo'lgan Reshford "Siti"ning tajribali himoyachisi Martin Demichelisni qiynab qo'ydi. Markus o'zidan deyarli 20 yosh katta bo'lgan futbolchini aldab Angliya terma jamoasi asosiy posboni Jo Xart qo'riqlayotgan darvozaga gol urib "qizil iblislar"ga g'alaba keltirdi.
"Tottenxem" - "Bornmut" 3:0
Qahramon: Xarri Keyn
O'tgan mavsum kashfiyoti bo'lgan Xarri Keyn bu mavsumni u qadar yaxshi boshlay olmagandi. Dastlabki 9ta turda atiga bitta gol urgan hujumchi ayni paytda 21ta gol bilan to'purarlar poygasida birinchi o'rinda bormoqda. O'tgan turda "Aston Villa" darvozasiga ikkita gol urgan Keyn kecha "Bornmut"ga ham ikkita to'p kiritdi. "SHporlar" "Lester"ning ortidan quvishda davom etishmoqda.