Amerikaning Rod-Aylend shtatida ortiqcha vazndan qiynalayotgan bemor pitssa buyurtma qilmoqchi bo‘lgani bois shifoxonadan haydaldi. Natijada 360 kilogramm vaznli Stiven Assanti, qarindoshlari uning uyga qaytishiga ruxsat bermagani uchun, avtomobilda yashashiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda The Daily Mail xabar bermoqda.
30 yoshli Assantining so‘zlariga ko‘ra, u 80 kunlik davolash kursini o‘tab, to‘qqiz kilogrammga ozgan. Ammo unda mazali taom yeyish istagi paydo bo‘lgach, xohishini yenga olmay, davolash kursi talablarini buzgan.
Bemordan shifoxonani tark etish so‘ralganidan so‘ng, u uyga qaytmoqchi bo‘lgan, ammo ota-onasi bunga qarshilik ko‘rsatgan. Otasi Stiven Veyettning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li shifoxona sharoitidagi nazoratga muhtoj, shuning uchun ozish dasturini qayta boshlash haqida kelishuvga erishishi kerak.
Assanti otasining yo‘ltanlamas avtomobilida yashashga qaror qildi. Izohlashicha, uning mehmonxonaga to‘lashga puli yo‘q. “Tushunaman, menda ovqatga qaramlik bor. Bu — kasallik”, — deya iqror bo‘ldi Assanti.
Shifoxona Stiven davolash dasturidan chiqarilganini tasdiqladi, ammo maxfiylik tamoyillariga asoslanib, mazkur holat haqida to‘liq ma’lumot berishni rad etdi.
Bemor, taxminan, 247 kilogrammgacha ozishi kerak edi. Bu esa odatda ortiqcha vaznga qarshi kurashish maqsadida qilinadigan oshqozonni kichraytirish jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun zarur.