2012-yil 19-yanvar kuni Nyu-Yorkdagi mashhur Karnegi Xoll konsert zalida o‘zbekistonlik pianinochi Lola Ostonova birinchi bora konsert berdi. Bu haqda jurnalist Mavlon Shukurzoda o‘z maqolasida batafsil yoritib berdi.
American Cancer Society (Amerika saraton jamiyati) tomonidan tashkil etilgan xayriya konsertiga 3 mingga yaqin tomoshabin keldi, undan tushgan mablag‘ jamiyat hisobiga ko‘chirildi.
New York Daily News yozishicha, tomoshabinlar konsertni katta maroq bilan tinglagan. Trinidad va Tobago malikasi Moreme Shashu Xarvi Lolani pianino bilan “raqsga tushdi” va unga “sevgi izhor qildi” deya ta’riflagan bo‘lsa, uning turmush o‘rtog‘i Lui pianinochini “mumtoz musiqa Ledi Gagasi” deb atadi.
Ostonovaning yakkaxon konsertini ushbu kecha tashkilotchisi, taniqli milliarder Donald Tramp ochib berdi, u, shuningdek, konsertda raislik ham qildi. Ta’kidlash joiz, konsert tashkilotchilari Lolani ko‘plab nomzodlar orasidan tanlab oldi.
Afsonaviy aktrisa Juli Endryus esa yosh o‘zbek pianinochisini ommaga tanishtirdi. Bundan tashqari, konsertda Pirs Brosnan, Enn Kerri, Enn Xeteuey, Roshumba Uilyams kabi musiqa, kino va televideniye yulduzlari tomoshabin sifatida ishtirok etdi.
Lola Ostonova 1985-yilda Toshkentda asli samarqandlik oilada dunyoga kelgan. Fortepiano bo‘yicha birinchi ustozi o‘z onasidir. Keyinroq Uspenskiy nomidagi musiqiy maktabda ta’lim olgan. Maktab chog‘laridayoq xalqaro festival va konsertlarda ishtirok etgan. Maktabni bitirgach, Lola AQShdagi Uilyam Marsh Rays universitetiga o‘qishga kirgan. U ko‘plab xalqaro tanlovlar g‘olibidir.