Donald Tramp AQSh prezidentligiga “poygalar”da yetakchi pozitsiyasini saqlab turibdi, uning asosiy ikki raqibi — Texas shtatidan senator Ted Kruz va Florida shtatidan senator Marko Rubio — sezilarli darajada ortda qolmoqda. Bu haqda CBS telekompaniyasi umummilliy so‘rovi natijalariga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Trampni yoqlab 35 foiz so‘rov ishtirokchilari ovoz bergan bo‘lsa, ularning 18 foizi Kruzni, 12 foizi Rubioni qo‘llab-quvvatladi. Ogayo shtati gubernatori Jon Keysik 11 foiz, neyrojarroh Ben Karson 6 foiz, Florida shtati sobiq gubernatori Jeb Bush 4 foiz ovozga ega bo‘ldi.
So‘rovnoma natijalari respublikachi saylovchilar Trampni saylovda g‘alaba qozonish uchun real imkoniyatlarga ega da’vogar deb hisoblashini ko‘rsatdi. Dastlabki saylovlarda qatnashgan respublikachi saylovchilarning 53 foizi ana shunday fikrda. O‘tgan yil iyulida Tramp saylovoldi kurashiga qo‘shilganini endi e’lon qilgan paytda bu ko‘rsatkich 26 foizni tashkil etgan edi.
Manba