Olti olimdan iborat guruh Gavayi orollarida 8 oy davom etgan Mars tajbirasini yakunladi. Bu haqda Associated Press xabar bermoqda.
Ko‘ngillilar guruhi 2014-yilning 15-oktabridan 2015-yilning 13-iyuniga qadar bir vaqtning o‘zida ham Marsga uchib ketayotgan kosmik kema, ham Marsdagi baza vazifasini bajargan izolyatsiyadagi gumbaz ichida yashadi.
Majmua uyqudagi Mauna-Lona vulqoni yon-bag‘irlariga qurilgan edi. Tashkilotchilarning fikricha, tajriba ishtirokchilari gumbazdan tashqariga chiqqanlarida, vulqon relyefi ularga Mars manzaralarini yodga solishi kerak edi (ular gumbazdan faqat skanfandrda chiqishlari mumkin bo‘lgan).
Tajribadan ko‘zlangan asosiy maqsad Marsga yo‘l oladigan fazoviy kema ekipajiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan kognitiv, ijtimoiy va emotsional omillarni tahlil qilishdan iborat edi.
Dastlabki HI-SEAS missiyasi 2013-yili o‘tkazilib, to‘rt oy davom etgan, ikkinchisi esa 2014-yilnig mart-iyul oylarida tashkil etilib, 120 kunga cho‘zilgan.
Insonning Marsga mo‘ljallangan uzoq muddatli ekspeditsiyaga ruhiy va jismoniy tayyorgarliginini tekshirishga qaratilgan eng uzoq muddatli tajriba “Mars-500” hisoblanadi – Moskvada tashkil etilgan, 520 kun davom etib, 2011-yil noyabrida yakuniga yetgan tadqiqotda uch rossiyalik, bir fransuz, bir italyan va bir xitoylik qatnashgan edi.