AQShning San-Bernardino shahrida 2-dekabr kuni harbiy kiyimdagi, qurollangan noma’lum shaxslar tibbiy markazga bostirib kirib, otishma uyushtirdi. Hujum oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi va 17 kishi yaralandi. Jinoyatchilar shu markazda ishlagan 28 yoshli Rizvon Foruq va uning rafiqasi Tashfin Malik ekanligi aniqlandi, deb xabar beradi “Hi-tech.mail.ru”.
Kevin Ortiz binodagi otishma paytida stol ostiga yashirindi, biroq bu unga yordam bermadi. Yigitning soni, qo‘li va yelkasiga beshta o‘q tegdi. Uning ko‘ksiga qaratilgan oltinchi o‘q esa cho‘ntagida turgan iPhone’ga to‘g‘ri keldi.
Yigitni o‘ldirishi mumkin bo‘lgan o‘q yo‘nalishini o‘zgartirib, nishonga borib yetmadi. Gadjet yaroqsiz holga keldi, biroq egasining hayotini saqlab qoldi.
Hozir jabrlanuvchi shifoxonada bo‘lib, shifokorlar unda operatsiya o‘tkazdi. Yigitning onasi so‘zlariga qaraganda, hozir u o‘zini ancha yaxshi his qilayapti.