Katta dada" laqabli avstraliyalik bokschi Lukas Braun 5 martda Grozniy shahridagi "Kolizey" sport majmuasida bo'lib o'tgan WBA versiyasi bo'yicha o'ta og'ir vaznda chempionlik unvoni uchun o'tkazilgan jangda Ruslan Chagaevni muddatdan avval mag'lub qildi, deb yozadi "Kun".
"Oq Tayson" deb e'tirof etiladigan asli o'zbekistonlik jangchi Chagaev jangni yaxshiroq boshladi va 4-raunddayoq Braunning qoshi yorilishiga olib keldi. Braun tashabbusni o'z qo'liga olmoqchi bo'ldi hamda muvaffaqiyatli o'tkazilgan hujumga javob hujumni o'tkazib yuboraverdi.
6-raundda Braun hattoki Chagaevning kuchli zarbasidan keyin nokdaun holatiga ham tushdi. Biroq tan berish kerakki, avstraliyalik tezda o'zini o'nglab olib, 7-raundni o'z foydasiga o'tkazdi.
Uchrashuv Chagaevning g'alabasi bilan yakunlanadigandek tuyulayotgan bir pallada jangdagi kutilmagan burilish 10-raundda o'rtasida yuz berdi. Hujum qilayotgan Chagaev bir onga himoyani unutib, Lukasning kuchli zarbasini o'tkazib yubordi. Chagaev nokdaun holatiga tushdi va o'ziga kelishga ulgura olmadi. Keyingi 20 soniya davomida Braun Chagaevga ketma-ket zarbalar bera boshladi va jang referisi jangni to'xtatishga qaror qildi hamda avstraliyalikka texnik nokaut bilan g'alabani berdi.
Bu mag'lubiyat Chagaev uchun uning faoliyatidagi 3-mag'lubiyat bo'ldi, hozirda Chagaevning hisobida 34 ta g'alaba va bitta durang natija bor. Braun esa professional ringda o'tkazgan barcha 24 jangida g'olib bo'lishga muvaffaq bo'ldi.
Chagaev uchrashuvning vaqtidan avval to'xtatilganidan norozilik bildirdi.
"Uzr so'rayman, shunday bo'lib qoldi. Bilmayman, hakam nega jangni to'xtatdi. Uning zarbasi tasodifan chiqqandi, men jangni davom ettirishga tayyor edim. Biroq hakam jangni to'xtatishga qaror qildi", deb aytdi Chagaev jangdan keyin.