AQShning sobiq moliya vaziri Lerri Sammers korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurash choralari samaradorligini oshirish maqsadida 500 yevro va 100 dollar nominalli banknotalarni iste’moldan chiqarishni taklif qilganidan so‘ng G‘arb matbuotida masala qizg‘in muhokama qilindi. Shu paytga qadar asosan Sammers yoqlab chiqqan Garvard universitetining biznes va davlat boshqaruvi muammolarini o‘rganish ilmiy markazining yangi tadqiqoti yoritilgan edi. Meduza nashri bunday tashabbusga qarshi bildirilgan isbot-dalillarni The Wall Street Journal gazetasiga tayangan holda keltirdi.
- Markaziy banklar taqiqdan ko‘zlangan asosiy maqsadni berkitmoqda: aslida u iqtisodiyotga pul oqimini kiritish uchun kerak. Moliya sohasi mutasaddilari yirik kupyuralar taqiqini nafaqat iqtisodiyotning norasmiy sektorini qisqartirish maqsadida qo‘llab-quvvatlamoqda. The Wall Street Journal biz iqtisodiyotdagi salbiy stavkalar zamonida yashayotganimizni eslatib o‘tadi. Bu degani, aytaylik, Germaniyaning depozitlari nafaqat foiz daromadini keltirmaydi, aksincha, banklar mijozlarining pulini saqlagani uchun ham pul oladi. Shu tariqa, moliyaviy tashkilotlar odamlarni xarajat qilishga majbur etadi. Agar buning o‘rniga pul shunchaki uyda saqlansa, iqtisodiyot qaytadan ishlab ketmaydi. Yirik kupyuralar bo‘lmasa, odamlar naqd pulni saqlay olmaydi – ular xarajat qilishga majbur, bu esa YaIMga turtki beradi.
- Kupyuralarga emas, “kulrang” iqtisodiyotga qarshi kurashish kerak. Nega ko‘p davlatlarda odamlar karta bo‘yicha to‘lov qilishni emas, naqd puldan foydalanishni ma’qul ko‘radi? Negaki bunday xaridlarni kuzatib borish qiyinroq. Ko‘plar eski-tuski bozorida yoki onlayn do‘konlarda xaridlarni amalga oshiradi. Bunday saytlar egalari esa soliq to‘lay olmaydi, aks holda kasodga uchraydi. Ayrim Yevropa davlatlarida iqtisodiyotning “kulrang” zonasi YaIMning 20 foizini tashkil qiladi. Aynan “kulrang” biznesni “oq”qa ko‘chirish kerak, buning uchun esa soliq imtiyozlari kiritish talab qilinadi. Boshqa so‘zlar bilan aytganda, oqibat bilan emas, sabab bilan kurashish lozim.
- Naqd pul qo‘shimcha chiqimlarni kamaytiradi. Odatda naqdsiz to‘lov chiqim va tahdidlarni kamaytiradi, deb hisoblanadi. Lekin bu har doim ham haqiqatga mos kelavermaydi. Kredit kartasidan foydalanganimizda, biz bankka xizmat ko‘rsatgani uchun, yana har bir xarid uchun foiz to‘laymiz. 2008-yil inqirozidan so‘ng bank sektori nazorati kuchaytirildi va moliyaviy tashkilotlar chiqimlarning bir qismini iste’molchilarga ko‘chirdi. Bundan tashqari, kesh bank hisoblari yo‘q millionlab kambag‘al insonlarga iqtisodiyotda ishtirok etishga imkon beradi.
- Hukumat nimanidir taqiqlashiga yo‘l qo‘ymaslik lozim – bu yomonlik bilan tugaydi.“Shaxsiy moliyangizni yuritish yo‘llarini kamaytirishga urinayotgan siyosatchilardan ehtiyot bo‘ling”, – deyiladi materialda. Odamlar o‘z zaxiralarini qay tarzda saqlashni o‘zlari hal qilsin. Hukumat iqtisodiyotga faqat zarurligida aralashishi lozim, ortiqcha nazoratga intilishi esa yaramaydi. Darvoqe, bu tezisni The Wall Street Journal’ning opponenti – The Washington Post ham qo‘llab-quvvatladi.
Manba