Toshkentda 2-yo‘nalish bo‘ylab harakatlanuvchi avtobusning qoidabuzar haydovchisiga nisbatan ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi. Bu haqda Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta ” guruhida xabar qoldirilgan.
Guruh a’zosi 15-noyabr kuni avtomobil registratoriga olingan videoyozuvni tarmoqqa joylashtirdi. Unda Osiyo ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan davlat raqami 01 651 JAA, yo‘nalish raqami 2 bo‘lgan avtobus, svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘i yongan vaqtda to‘xtash o‘rniga, Yo‘l harakati qoidalariga zid ravishda yo‘lning qarama-qarshi qatnov qismiga chiqib, to‘xtab turgan avtomobillarni quvib o‘tgan va o‘z yo‘lida davom etgan.
Ushbu holatga guvoh bo‘lgan foydalanuvchi Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga murojaat qilgan. Boshqarma javobida qayd etilgan holat yuzasidan surishtiruv olib borilgani, Yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchi aniqlangani va unga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilgani ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 128-4-moddasi 1-qismiga muvofiq, svetoforning taqiqlovchi signaliga bo‘ysunmasdan o‘tish eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida (21-dekabr holatiga ko‘ra, 260 480 so‘m), 128-5-moddasi 2-qismiga ko‘ra, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqishi eng kam ish haqining o‘n barobari miqdorida (21-dekabr holatiga ko‘ra, 1 302 400 so‘m) jarima solinishiga sabab bo‘ladi.