“Yil avtomobili” nufuzli xalqaro tanlovida g‘oliblik uchun da’vogarlik qiladigan yettita eng yaxshi yangi mashinalar aniqlandi , deya xabar bermoqda “Gazeta.ru”.
Dastlab mukofot uchun 35 ta model jangga kirishdi, biroq butun dunyodan kelgan 58 nafar ekspert ishtirokidagi ovoz berishning birinchi bosqichidan so‘ng da’vogarlar bor-yo‘g‘i yettita qoldi. Bular Audi A4, BMW 7-seriya, Jaguar XE, Mazda MX-5, Opel Astra, Skoda Superb va Volvo XC90 bo‘ldi.
G‘olib 2016-yil 29-fevral kuni Jenevadagi Xalqaro avtosalon arafasida e’lon qilinadi.
Nomzodlar qat’iy talablarga javob berishi kerak: ular so‘nggi 12 oy ichida kamida beshta Yevropa mamlakatida sotuvda bo‘lgan butunlay yangi avtomobillar bo‘lishi kerak. Hakamlar ularni dizayn, qulaylik, xavfsizlik, tejamkorlik, boshqaruv, mahsuldorlik, funksionallik, ekologik me’yorlarga moslik, haydovchilarning qoniqqan-qoniqmaganligi kabi mezonlar bo‘yicha baholaydi.