Meksika huquqni himoya qilish organlari 26-mart, shanba kuni Sonora shtatida “Sinaloa” yirik narkokartelining nufuzli a’zolaridan biri — Raul Beltran Kinteroni qo‘lga oldi, deya xabar bermoqda “TASS”.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyat sohasining R-1 (El R-1) laqabli e’tiborli kishisi jinoiy jamiyatning AQSh bilan chegaradosh bo‘lgan ushbu hududdagi faoliyati uchun javobgar bo‘lgan. Kintero bilan birga Puerto-de-Lobos tumanida yana sakkiz kishi, jumladan bir nefar voyaga yetmagan shaxs hibsga olingan.
Qo‘lga olinganlar tergov harakatlarini olib borish uchun federal prokuraturaga topshirildi, yaqin vaqtlar ichida ularga nisbatan ayblovlar e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, “Sinaloa” narkokartelining yetakchisi Xoakin Gusman Loera 2015-yilning iyulida Meksika qamoqxonasidan uzunligi 1,5 kilometr bo‘lgan yer osti yo‘li orqali qochib ketgan edi. 2016-yil yanvarida esa Meksika prezidenti Enrike Penya Nyeto mamlakatda eng ko‘p qidirilayotgan jinoyatchilardan biri – narkobaron Xoakin Gusman Loeraning qo‘lga olinganligini ma'lum qildi.
Manba