Yaponiyaning Toyota Motor Corp. guruhi 2015 yilning 11 oylik yakuni natijalariga ko'ra, avvalroq jahon avtomobil bozorida qo'ldan chiqargan birinchiligini yana o'ziga qaytardi. Bu haqda Nikkei Asian Review nashri xabar yozdi.
Daihatsu Motor va Hino Motors`ni ham o'z tarkibiga oluvchi yaponlar kompaniyasi 2015 yilning yanvar—noyabr oylarida 9,2 million avtomashina sotganligini ma'lum qildi. Bu o'tgan yilgi ko'rsatkichlardan 1 foizga kam bo'lsada, Volkswagen`ni ortda qoldirish uchun etarli bo'ldi.
2015 yilning birinchi yarim yilligi natijalari bo'yicha yaponiyalik raqibidan o'zib ketgan Germaniyaning Volkswagen AG avtokontserni esa bu davr ichida 9,09 million avtomobil sotgan.
Sentyabrda yuzaga kelgan «dizel mojarosi»dan keyin Volkswagen 11 million avtomobilini chaqirib olishga majbur bo'ldi.
Toyota kompaniyasi esa yaqinda bir qator yangi modellar, jumladan, yangilangan Prius avtomobilini chiqardi. Bu esa unga sotuv hajmini ko'paytirish imkonini beradi.