Polsha prezidenti Andjeya Dudaning avtomobili Polshaning janubidagi yirik avtomagistral chetidagi qiyalikka tushib ketdi. Associated Press axborot agentligi xabariga asoslanib, "KUN.UZ" ma'lumot bermoqda.
"Mashina boshqaruvi yo'qotilib, yo'l chetidagi qiyalikka tushib ketdi, hech kim jabr ko'rmadi", deb aytdi Duda TVN24 telekanali efirida. Uning aytishicha, "nazariy jihatdan bu bo'lishi kerak emas edi".
Ta'kidlanishicha, bu voqea BMW avtomobilining g'ildiraklaridan biri teshilgani sabab yuz bergan bo'lishi mumkin.
Polsha ichki ishlar vaziri prezident mashinasi muntazam tekshirib turilganini aytdi. "Mashinadan bir necha yil foydalanilgan, bu voqea bo'lishi mumkin emas edi, biroq u bo'ldi", deb aytdi u TVN24 telekanaliga.
Polsha politsiyasi voqeani tergov qila boshladi. Ta'kidlanishicha, Duda o'z yo'lini boshqa mashinada davom ettirgan.