“Mobinfo.uz” nashri Toshkent bozorlaridagi “aqlli” soatlar sharhini taqdim etdi.
Apple Watch / Apple Watch Sport
O‘zbekistonda Amerika kompaniyasi smart-soatining ikki xil ko‘rinishi taklif qilinmoqda, bular Apple Watch va Apple Watch Sport. Ular bir-biridan qanday materiallardan yasalgani bilan farq qiladi. Texnik va dasturiy ta’minot jihatidan ular bir xildir.
Xususan, Sport modifikatsiyasi sayqallangan anodlangan alyuminiydan tayyorlangan, Apple Watch’da esa zanglamaydigan po‘lat qo‘llanilgan. Sport versiyasining displeyi mustahkam va toblangan Ion-X shishasi bilan qoplangan bo‘lsa, uning akasi yoqut shisha bilan himoyalangan.
Shuningdek, Apple Watch jilo berilgan po‘lat korpusga ega, Apple Watch Sport’da esa u shunchaki plastmassadan yasalgan.
Toshkentdagi “Fleshka” savdo majmuasida Apple Watch Sport (38 millimetrli versiyasi) 3,8 million so‘mdan sotilmoqda. Charm tasmali Apple Watch’ni esa 5,6 million so‘mga xarid qilish mumkin.
Samsung Gear / Gear S / Gear Fit
Poytaxt bozorlarida Janubiy Koreya kompaniyasining Samsung Gear / Gear S “aqlli” soatlarini 750 mingdan 820 ming so‘mgacha, shuningdek Samsung Gear Fit fitnes brasletini 560 ming so‘mga xarid qilish mumkin.
Sony Smart Watch
Toshkentda ayni paytda Yaponiya kompaniyasi “aqlli” soatlarining uch xil versiyasini topish mumkin. Birinchi avlod Sony Smart Watch 800 ming so‘m, Sony Smart Watch 2 — 850 ming so‘m va yangi Sony Smart Watch 3 — 1,1 million so‘mdan sotilmoqda.
Motorola 360
Motorola kompaniyasining aylana shaklidagi displeyga ega Moto 360 soatini 1,4 million so‘mga xarid qilish mumkin.
Bundan tashqari, savdo nuqtalarida Xitoy kompaniyalarining smart-soatlarini ham topish mumkin.
Masalan, suratdagi Xitoyning notanish kompaniyasiga tegishli qurilma har qanday Android-devaysga ulanadi, uning yordamida qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish mumkin. Ushbu soat 450 ming so‘m turadi.