O‘tgan yil yarmidan buyon Twitter 125 mingta akkauntni teraktlar haqida tahdid qilgani va terrorizmni targ‘ib etgani uchun yopib qo‘ydi, deb yozadi Rambler News Service kompaniya korporativ blogiga tayanib. Ularning ko‘pchiligi IShID faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan.
Kompaniya ma’lum qilishicha, Twitter foydalanuvchilar shikoyatlarini ko‘rib chiquvchi xodimlari shtatini kengaytirdi, buning hisobiga javob berish vaqti qisqardi. Bundan tashqari, kompaniya ekstremizm tarqalishi masalasida huquqni himoya qilish organlari bilan “zarur bo‘lgan vaqtda” hamkorlik qilishini aytdi.
“O‘z fikrini bayon qilish uchun ochiq platforma sifatida, biz o‘z qoidalarimiz, huquqni himoya qilish organlarining qonuniy talablarini amalga oshirish va foydalanuvchilarga o‘z fikrlari bilan erkin tarzda o‘rtoqlashish imkoniyatini berish o‘rtasidagi muvozanatni saqlashimiz kerak. Shunday fikrlar borki, ularni ba’zi kishilar ma’qullamasligi yoki haqoratli deb hisoblashi mumkin”, — deyiladi kompaniya bayonotida.
Twitter ushbu qiyinchiliklarga qaramay, ekstremizmga qarshi kurashdek muhim masalaga yechim topish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qilishini aytdi.