14-iyul kuni tongda Nyu-York birjasida Twitter kompaniyasining aksiyalari birdan qimmatlashib ketdi. Narxlar 8 foizga oshdi, bu esa kompaniya kapitalizatsiyasini taxminan ikki milliard dollarga oshirdi, deb xabar qiladi Meduza.
Kapitalizatsiyaning o‘sishiga Twitter’ning 31 milliard dollarga sotilishi mumkinligi haqidagi soxta xabar sababchi bo‘lgan. Yangilik Bloomberg agentligining haqiqiy sayti dizaynidan ko‘chirma qilib yasalgan, soxta blommberg.market saytida chop qilingan. Xabarda xaridor Google bo‘lishi mumkinligi haqida yozilgan.
Twitter direktori Dik Kostolo iyun oyida iste’foga chiqqanidan keyin kompaniyaning sotilishi haqidagi gap-so‘zlar tarqalgandi. Ko‘pchilik Twitter’ni sotib olishga faqat Google qodir, deb hisoblamoqda.
Ijtimoiy tarmoqning birjadagi qiymati ayni vaqtga kelib 25 milliard dollardan oshmayapti.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi soxta xabarlar tufayli Twitter’ning qiymati ilgari ham bir necha marotaba oshib ketgan.